Bugun 19 may, 2024 yil, yakshanba

КИР

O‘zbekistonning AQShdagi elchixonasida “Vatan himoyachilari kuni”ga bag‘ishlangan kecha bo‘lib o‘tdi

O‘zbekistonning AQShdagi  elchixonasida “Vatan himoyachilari kuni”ga bag‘ishlangan kecha bo‘lib o‘tdi

O‘zbekistonning AQShdagi  elchixonasida “Vatan himoyachilari kuni”ga bag‘ishlangan tantanali qabul bo‘lib o‘tdi.

Ushbu tadbirda kongress a’zosi Trent Kelli, AQSh qonun chiqaruvchi kengash a’zosi Stiv Sozerlend, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi bilan Missisipi shtati Milliy gvardiyasi hamkorlik dasturi direktori Amanda Villaret, siyosiy, mudofaa, harbiy-ta’lim doiralar vakillari, shu jumladan, Pentagon va AQSh markaziy qo‘mondonligi mas’ul xodimlari, shuningdek, Vashington shahriga vakil etib tayinlangan 20 ga yaqin davlatning elchixonalaridagi  harbiy attashelari ishtirok etdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti xabar bermoqda.

Tadbirning ochilishida O‘zbekistonning AQShdagi diplomatik vakolatxona rahbari Javlon Vahabov so‘zga chiqdi. Bugungi kunda O‘zbekiston harbiy xizmatchilari xalqaro musobaqalarda mamlakatimiz sharafini munosib himoya qilayotgani yig‘ilganlarning alohida e’tiborini tortdi.

Elchixona tomonidan AQSh Mudofaa vazirligi bilan aloqalarning yuqori darajada faollashganligi, O‘zbekiston va Missisipi Milliy gvardiyasi o‘rtasidagi sheriklik aloqalarining kengayganligi to‘g‘risida xabar berildi. Ta’kidlanishicha, harbiy hamkorlik bilan bir qatorda, Missisipi shtati bilan savdo-iqtisodiy va ta’lim sohalarida qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.

Kongresmen Trent Kelli tomonidan mamlakat rahbariyati Qurolli Kuchlarni isloh qilish, milliy armiyamizning harbiy salohiyatini oshirish va unga ijobiy imij berish borasida salmoqli ishlarni amalga oshirganini ta’kidladi. “Men davlat rahbari tomonidan o‘z milliy armiyasiga bo‘lgan bunday e’tiborni dunyoning biron bir mamlakatida ko‘rmaganman”, – deydi kongressmen.

Trent  Kelli,  Kongress a’zosi,  (Missisipi shtati):

— Buyuk O‘zbekiston davlati va uning Qurolli Kuchlarini kasb bayrami – Vatan himoyachilari kuni bilan qutlamoqchiman. O‘zbek xalqi ajoyib va qudratli, O‘zbekiston armiyasi dunyodagi eng ilg‘or va professional armiyalardan biridir, uning mahoratli harbiylari bor. Ikki tomonlama munosabatlarni yaxshilash uchun ular bilan ishlash men uchun katta sharafdir, men bunday milliy bayramlarda ishtirok etishdan xursandman. O‘zbekiston harbiy xizmatchilari yuqori malakali, puxta tayyorlangan, bilimdon mutaxassislardir.  Biz ularga eng ezgu tilaklarni bildiramiz,  ularni eng yaxshi sheriklar deb bilamiz. 

Yana bir kongress a’zosi Stiv Sozerlend O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi yaqin, ishonchli munosabatlar, ayniqsa, respublika va Missisipi o‘rtasidagi munosabatlarni qayd etdi.  Ta’kidlanishicha, bugungi kunda O‘zbekiston – Missisipi aloqalari nafaqat harbiy sohada, balki savdo-iqtisodiy,  sarmoyaviy, madaniy-ma’rifiy sohalarda ham kengayib bormoqda.

Stiv Sozerlend, Kongress a’zosi,  (Florida shtati):

— Avvalo, O‘zbekistonning AQShdagi elchixonasiga yaxshi tashkil etilgan tantanali oqshom uchun minnatdorlik bildirishga ijozat bergaysiz. Ushbu qabul marosimida meni hayratga solgan bir qancha narsalarni eslab qoldim, ulardan biri O‘zbekiston va Missisipi shtati o‘rtasida o‘rnatilgan munosabatlardir. Biz bu munosabatlarni qadrlaymiz, bu bizning mamlakatlarimiz chin do‘stlik va buyuk kelajakka ega ekanligidan dalolat beradi. Menga bugungi o‘zbek taomlari, ajoyib ko‘ngilochar musiqa va raqslar juda yoqdi. Bugungi tantanalarga taklif etilganimdan juda minnatdorman, katta rahmat.

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi bilan Missisipi shtati Milliy gvardiyasi hamkorlik dasturi direktori Amanda Villaretning ta’kidlashicha, bugungi kunda O‘zbekiston harbiy xizmatchilari nafaqat mintaqadagi zamonaviy tahdid va xavf-xatarlarga qarshi tura olishmoqda, balki xalqaro musobaqalarda o‘z mamlakatlarini munosib himoya qilishmoqda. Mudofaa vazirligi vakillarining o‘tgan yilning dekabr oyida Missisipi shahrida bo‘lib o‘tgan ”Eng yaxshi jangchi” tanlovida muvaffaqiyatli ishtirok etgani qayd etildi.

Amanda Villaret, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi bilan Mississippi shtati Milliy gvardiyasi hamkorlik dasturi direktori: 

— O‘zbekiston Respublikasini – Vatan himoyachilari kuni bilan tabriklayman.  Bu ajoyib kun va men ushbu bayramni bugun barchangiz bilan nishonlashimdan xursandman. Missisipi va O‘zbekiston Mudofaa vazirliklari bilan hamkorlik 2012 yilda boshlangan. Ushbu qisqa vaqt ichida biz ilgari tasavvur ham qila olmaydigan muhim natijalarga erishdik. Ushbu munosabatlar yil sayin kengayib borayotganidan xursandman. Men AQShning O‘zbekistondagi elchixonasiga, kongress a’zosi Trent Kelli, Missisipi Milliy gvardiyasi qo‘mondoni general Jenson Boylzga, shuningdek, o‘zbek harbiylariga ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishda qo‘shgan hissalari uchun minnatdorchilik bildirmoqchiman. 

Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan tabrik so‘zlarini milliy ommaviy axborot vositalariga AQShning Moldova Respublikasidagi elchixonasi harbiy attashesi polkovnik V.  Mikov, AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi harbiy attashesining rafiqasi Liza Rovell ham yo‘lladilar.

Umuman olganda, Elchixonadagi tantanali qabul paytida tadbir ishtirokchilari mamlakatning mudofaa salohiyati, uning tinchlikparvar siyosati, shuningdek, O‘zbekistondagi harbiy islohotlarning borishi bilan tanishdilar. Mehmonlar tomonidan davlat o‘zining Qurolli Kuchlariga doimiy e’tibor qaratib, jangovar qobiliyatga ega, yuqori talablariga javob beradigan armiyani tashkil etish borasidagi islohotlarni faol amalga oshirayotganligi ta’kidlandi.

 

 

 

 

 

Kiritildi: 10:40 07.02.2020. O'qildi: 1924 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!