— Umida, bugun turizm ko‘pincha tayyor paketlar bilan bog‘lanadi. Siz esa uni “tizim” deb ataysiz. Nega?
— Chunki barqaror turistik mahsulot tasodifan paydo bo‘lmaydi. U bozorni tushunish, auditoriyani aniqlash, servis zanjirini boshqarish va hamkorliklarni to‘g‘ri qurishni talab qiladi. Agar bu elementlar biri-biri bilan ishlamasa, turizm faqat qisqa muddatli xizmat bo‘lib qoladi.
— Sizning professional qarashingiz qayerda shakllangan?
— Ta’lim jarayonida va undan keyingi amaliy tajribada. Turizm bo‘yicha oliy ma’lumot menga boshqaruv va madaniy kontekstni tushunishga yordam berdi. Keyinchalik Davlat turizm qo‘mitasi tizimida malaka oshirishdan o‘tishim esa sohani regulyasiya, standart va amaliy mas’uliyat nuqtai nazaridan ko‘rishga imkon berdi.
— Faoliyatingizning dastlabki yillarida nimalar muhim bo‘lgan?
— Amaliy ish. 2018 yildan boshlab mijoz bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlash, marshrutlar yaratish, hamkorlar bilan kelishuvlar, logistika va servis sifatini boshqarish orqali real bozorni o‘rgandim. Aynan shu bosqichda turizmning “ichki mexanikasi”ni tushundim.
— 2021 yildan Yellow Star Travel’ni boshqarasiz. Bu kompaniyaning asosiy farqi nimada?
— Biz standart paketlardan ko‘ra mualliflik (custom) dasturlariga e’tibor qaratamiz. Har bir marshrut auditoriyaning maqsadi, vaqt resursi va kutgan natijasiga moslab ishlab chiqiladi. Bu madaniy, oilaviy, gastronomik yoki rasmiy tashrif doirasidagi safarlar bo‘lishi mumkin.
— Delegasiyalar va rasmiy mehmonlar bilan ishlashning o‘ziga xos tomoni nimada?
— Bu segmentda xatoga o‘rin yo‘q. Protokol, vaqt, xavfsizlik va madaniy nozikliklar bir tizim sifatida ishlashi kerak. Marshrut nafaqat qiziqarli, balki kontekstga mos bo‘lishi lozim. Bu oddiy sayyohatdan ko‘ra ancha murakkab, lekin natijasi ham shunga yarasha bo‘ladi.
— Siz ko‘p bor “ma’noli marshrut” tushunchasini ishlatasiz. Bu nimani anglatadi?
— Zamonaviy turist ko‘proq tajriba izlaydi. U joylarni ketma-ket ko‘rishni emas, mamlakatni tushunishni xohlaydi. Shuning uchun marshrut ichida tarix, madaniyat, lokal hayot va mantiqiy hikoya bo‘lishi muhim.
— Professional infoturlar va sertifikatlar sizga nima berdi?
— Ular xizmat sifatini ichidan ko‘rishga yordam berdi. Mehmonxona, destinasiya va bozor qanday ishlashini tushunmasdan turib, sifatli mahsulot yaratib bo‘lmaydi. Bu tajriba qarorlarni faktlarga asoslab qabul qilishga o‘rgatadi.
— So‘nggi yillarda mehmonxona loyihalarida ham ishlagansiz. Bu turizm agentligi faoliyatiga qanday ta’sir ko‘rsatdi?
— Mehmonxona tajribasi servisni operasion jarayon sifatida ko‘rishga yordam berdi. Agentlik va mehmonxona o‘rtasidagi bog‘liqlikni tushunish mahsulot sifatini ancha oshiradi.
— Sizningcha, turizmning iqtisodiy va ijtimoiy ahamiyati nimada?
— Turizm kichik biznesni qo‘llab-quvvatlaydi, xizmat madaniyatini oshiradi va mamlakat imijini shakllantiradi. To‘g‘ri qurilgan turistik loyiha iqtisodiy foyda bilan birga madaniy va reputasion qiymat ham yaratadi.
— Kelajakda professional faoliyatingizni qaysi yo‘nalishda ko‘rasiz?
— Xalqaro hamkorlikka asoslangan loyihalarda. Turizmni faqat safar emas, balki madaniy va iqtisodiy ko‘prik sifatida rivojlantirish meni qiziqtiradi.
— Suhbat yakunida yosh mutaxassislarga nima maslahat berardingiz?
— Turizmda tez natija kamdan-kam bo‘ladi. Bu soha tizim, sabr va sifat talab qiladi. Agar jarayonni chuqur tushunsangiz va mas’uliyat bilan yondashsangiz, natija baribir keladi.
Mahbuba Hasanova suhbatlashdi.