Bugun 3 iyul, 2024 yil, chorshanba

КИР

O‘zbekistonda kripto-aktivlar sohasidagi jinoyatlarni aniqlaydigan zamonaviy texnologiyalar joriy etiladi

O‘zbekistonda kripto-aktivlar sohasidagi jinoyatlarni aniqlaydigan zamonaviy texnologiyalar joriy etiladi

O‘zbekistonda “Raqamli kriminalistika sohasida ilmiy-tadqiqot faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi.

Ushbu qaror axborot-kommunikasiya texnologiyalaridan foydalangan holda sodir etilgan jinoyatlarga qarshi kurashish samaradorligini oshirish, shuningdek, ularni aniqlash va tergov qilish uslublarini takomillashtirishga qaratilgan raqamli kriminalistika sohasida ilmiy-tadqiqot faoliyatini tashkil etish maqsadida qabul qilindi.

Mazkur qaror bilan Huquqni muhofaza qilish akademiyasi negizida Raqamli kriminalistika ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etilib, mazkur institut raqamli kriminalistika sohasida innovasion tadqiqot va ishlanmalar markaziga aylanishi nazarda tutilgan.

Qarorning asosiy jihatlari:

  • institutga raqamli kriminalistika sohasida sud-tibbiy ekspertiza va tadqiqotlar o‘tkazish vakolatini berish;
  • kiberjinoyatlarni tergov qilish jarayonlariga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish. Huquqni muhofaza qilish organlari faoliyati samaradorligini oshirishda “katta hajmli ma’lumotlar” (Big Data) tahlili, sun’iy intellekt va boshqa ilg‘or texnologiyalardan foydalanishga alohida e’tibor qaratish;
  • huquqni muhofaza qiluvchi organlarga jinoyatlarning raqamli izlarini aniqlash, olib qo‘yish, saqlash va tadqiq etishda amaliy yordam ko‘rsatish;
  • raqamli kriminalistika bo‘yicha sud ekspertizalarini o‘tkazish usullarini ishlab chiqish va takomillashtirish;
  • kripto-aktivlar va blokcheyn texnologiyalaridan foydalangan holda sodir etilgan jinoyatlarni aniqlash va tergov qilish usullarini ishlab chiqish;
  • raqamli kriminalistika sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash;
  • kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida xalqaro ilmiy-texnikaviy hamkorlikni kengaytirish.

Qarorda “Raqamli dalillarning yagona reestri” — idoralararo avtomatlashtirilgan tizimni yaratishga alohida e’tibor qaratilgan.

Reyestr raqamli dalillarni, jumladan fotosuratlar, video va audio yozuvlar, elektron hamyonlar haqidagi ma’lumotlar, kripto-aktivlar manzillari, IP-manzillar va jinoyatlarning boshqa raqamli izlarini to‘plash, qayd etish, saqlash va tahlil qilish uchun mo‘ljallangan. Reyestrning joriy etilishi kiberjinoyatlarni tergov qilish samaradorligini oshiradi va raqamli dalillarning ishonchli saqlanishini ta’minlaydi.

Mazkur qarorning o‘ziga xosligi uning axborot-kommunikasiya texnologiyalaridan foydalangan holda sodir etilgan jinoyatlarni, shu jumladan kripto-aktivlar va blokcheyn texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarni aniqlash va tergov qilish jarayonlarini modernizasiya qilishga kompleks yondashuvidadir.

Qarorda belgilangan vazifalarni amalga oshirish axborot-kommunikasiya texnologiyalaridan foydalangan holda sodir etilgan jinoyatlar uchun javobgarlikning muqarrarligi tamoyilini ta’minlashga, kiberjinoyatlarga qarshi kurashish sohasida huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyati samaradorligini oshirishga, shuningdek raqamli makonda fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning qo‘shimcha kafolatlarini yaratishga qaratilgan.

Huquqni muhofaza qilish akademiyasi negizidagi Raqamli kriminalistika ilmiy-tadqiqot institutining tashkil etilishini turli mamlakatlarning soha ekspertlari yuqori baholadi.

“Axborot texnologiyalarining jadal rivojlanishi va ularning noqonuniy maqsadlarda ishlatilishi sharoitida, ushbu institut kiberjinoyatchilikka qarshi kurashning innovasion usullarini ishlab chiqish va joriy etishda muhim o‘rin tutadi. Sizning tadqiqot va ishlanmalaringiz nafaqat O‘zbekistonda, balki xalqaro miqyosda ham raqamli kriminalistikaning rivojlanishiga muhim hissa qo‘shadi”, — deydi Rossiya Tergov qo‘mitasi Kriminalistika bosh boshqarmasi rahbari o‘rinbosari Ivan Aleksandrovich Strelsov.
“O‘zbekiston Respublikasining raqamli kriminalistikani rivojlantirishga qaratilgan strategik e’tibori yuqori bahoga loyiq. Ushbu sohadagi ixtisoslashtirilgan institutning tashkil etilishi raqamli davrda milliy xavfsizlikni ta’minlashga kompleks yondashuvdan dalolat beradi. Ishonchim komilki, institutning ilmiy tadqiqotlari va amaliy ishlanmalari natijalari iqtisodiyot, ishlab chiqarish va jamiyat hayotining boshqa asosiy sohalarini kibertahdidlardan himoya qilish uchun ishonchli asos bo‘lib xizmat qiladi”, — deb ta’kidladi Belarus Tergov qo‘mitasi malaka oshirish instituti direktori Yuriy Kameneskiy.
“Raqamli kriminalistika ilmiy-tadqiqot institutining tashkil etilishi zamonaviy davr talablariga o‘z vaqtida berilgan javobdir. Global raqamlashtirish va kiberjinoyatchilik o‘sishi sharoitida keng ko‘lamli qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish birinchi darajali ahamiyat kasb etmoqda. Turkiya Adliya akademiyasi raqamli kriminalistika sohasida ilmiy tadqiqotlar va tajriba almashish bo‘yicha faol hamkorlikka tayyor ekanligini bildiradi”, — dedi Turkiya Adliya akademiyasi prezidenti Muxitdin O‘zdemir.
Kiritildi: 20:25 26.06.2024. O'qildi: 640 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!