Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonning doimiy aholisi o‘tgan 104 yil davomida 32,4 million kishiga ko‘paydi.
Bundan 104 yil avval — 1920 yilda mamlakatda 4,4 million odam yashagan. Oradan 10 yil o‘tib, bu ko‘rsatkich (1930 yilda) 4,9 million kishiga yetgan.
Respublikada 1940 yilda 6,6 million odam istiqomat qilgan. Keyingi 10 yillikda (1950 yilda) aholi soni 400 ming kishiga kamayib, 6,2 million kishini tashkil etgan.
1960 yilga kelib doimiy aholi soni 8,4 million, 1970 yilda 11,8 million, 1980 yilda 15,8 million kishiga yetgan. Shundan keyingi 10 yillikda ham sezilarli demografik o‘sish kuzatilib, 1990 yilda mamlakat aholisi 20,2 million nafar bo‘lgan.
O‘zbekiston aholisi 2000 yilda 24,5 million kishini, 2010 yilda 28 million kishini tashkil etgan. Va 2020 yilgacha bo‘lgan davrda respublika aholisi ilk bor 30 million kishidan oshgan. Xususan, 2020 yilda 33,9 million kishi mamlakatning doimiy aholisi sifatida ro‘yxatga olingan.
So‘nggi to‘rt yillik demografik o‘sishlarga nazar tashlansa, 2021 yilda aholi soni 34,5 million, 2022 yilda 35,3 million, 2023 yilda 36 million bo‘lgan. Respublikada 2023 yilda aholi 775 ming kishiga ko‘payib, 2024 yil 1 yanvar holatiga 36,8 million kishini tashkil etdi.