Toshkent shahridagi “Hilton” mehmonxonasida 24 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi, “O‘zbekiston texnologik metallar kombinati” AJ hamda Xitoy Xalq Respublikasi Tijorat vazirligi o‘rtasida xalqaro hamkorlikka yangi sahifa ochuvchi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida tomonlar XXI asrning “yashil” iqtisodiyotiga o‘tishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etayotgan sohalar — ya’ni qayta tiklanuvchi energetika, elektromobillar va yuqori texnologiyali sanoat uchun zarur bo‘lgan strategik xomashyolar — texnologik metallar bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildilar.
Hamkorlik doirasida geologiya-qidiruv ishlarini qo‘llab-quvvatlash, mineral resurslar zaxiralarini aniqlash, sanoat ishlab chiqarishini kengaytirish va texnologik jarayonlarga innovasion yondashuvlarni joriy etish masalalari muhokama markazida bo‘ldi.
Xitoy delegasiyasi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni, ochiqlik siyosati va barqaror investision muhitni yuksak baholar ekan, salohiyatli loyihalarda ishtirok etishga tayyor ekanligini ma’lum qildi.
Uchrashuv davomida “O‘zbekiston texnologik metallar kombinati” AJ tomonidan amalga oshirilayotgan yirik investisiyaviy loyihalar taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Xususan, 2025–2026 yillarga mo‘ljallangan 2,6 milliard dollarlik 71 ta loyiha to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi. Ushbu tashabbuslar doirasida texnogen chiqindilarni qayta ishlash, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish va ilg‘or texnologiyalar transferi bo‘yicha innovasion yechimlar taklif etildi.
Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqi, AQSH, Janubiy Koreya va Osiyo taraqqiyot banki bilan ham strategik hamkorlik kelishuvlari imzolangani qayd etildi.
Yig‘ilish yakunida tomonlar “yashil” minerallar zanjiri — ya’ni tadqiqotdan tortib sanoat ishlab chiqarishgacha bo‘lgan barcha bosqichlarda uzviy hamkorlikni mustahkamlashga kelishib oldilar. Bu esa nafaqat ikki mamlakat manfaatlariga, balki global ekologik barqarorlik va texnologik taraqqiyot maqsadlariga ham xizmat qiladi.