O‘zbekiston va Ozarbayjon qo‘shimcha ruxsatnoma blankalarini ayirboshlashga kelishib oldi.
Xalqaro avtomobil tashuvlari bo‘yicha O‘zbekiston — Ozarbayjon qo‘shma komissiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda ikki mamlakat o‘rtasida avtomobil transportida xalqaro yuk tashuvlarining bugungi holati, tomonlar milliy tashuvchilari duch kelayotgan muammolar va ularni hal etish, har ikki tomon tashuvchilari uchun teng imkoniyatlar yaratish bilan bog‘liq masalalar hamda xorijiy ruxsatnoma blankalarini ayirboshlash kvotasi ko‘rib chiqildi.
“Yig‘ilishda 2023 yil uchun qo‘shimcha ikki tomonlama ruxsatnoma blankalarini ayirboshlash hamda 2024 yilda ayirboshlanadigan ruxsatnoma blankalarining kvotasi belgilandi”, — deyiladi Transport vazirligi xabarida.
Shuningdek, 2024 yildan e’tiboran davlatlar o‘rtasidagi ruxsatnoma blankalari turlari tranzit, ikki tomonlama va uch tomonlamaga ajratildi.
Xabarda Transport vazirligi milliy tashuvchilardan joriy yilning yanvar oyidan boshlab olingan xorijiy ruxsatnoma blankalarini maqsadli ishlatib, qaytarishlarini so‘ragan.