O‘zbekiston terma jamoasining Qatarga qarshi o‘yin oldi matbuot anjumani o‘tkazildi.
“Jassim bin Hamad” stadionining matbuot anjumani zalida O‘zbekiston MTJ yordamchi murabbiyi Vlado Radmanovich ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Vlado Radmanovich bosh murabbiy Srechko Katanes matbuot anjumaniga kela olmagani uchun uzr so‘radi.
“Uning sog‘lig‘i bilan kichik muammo bo‘lganligi uchun shifokorlar tavsiyasiga ko‘ra u kela olmadi. Barcha savollarga o‘zim javob beraman. Ertaga bizning oldimizda muhim o‘yin kutib turibdi. Ikki terma jamoa uchun ham o‘yin juda katta ahamiyatga ega. Biz ertangi o‘yinga tayyormiz”, — dedi yordamchi murabbiy.
Murabbiy Osiyo Kubogining amaldagi g‘olibiga qarshi qanday o‘yin kutayotgani haqidagi savolga quyidagicha javob berdi:
— Qatarni saralashdagi to‘rtta o‘yinini ko‘rib chiqdik. Bizning vazifamiz mag‘lubiyatga uchramaslik. Buni yaxshi natija deb aytgan bo‘lardik. Umuman olganda, Qatar yaxshi terma jamoa. Ammo O‘zbekiston terma jamoasi ham yaxshi holatda bu o‘yinga yetib kelgan.
— O‘zbekiston MTJ so‘nggi yillarda o‘sib boryapti. Har doim sizlarga bir oz omad yetishmay kelgan. Bugun siz qanchalik JChga tayyorsiz?
— Biz uch yildan beri O‘zbekiston milliy terma jamoasi bilan birgamiz. O‘zbekiston chempionati va legionerlarini yaxshilab kuzatgan holda bugungi tarkibni shakllantirganmiz. Menimcha, O‘zbekiston JChga chiqishga tayyor.
— Qatar terma jamoasining bugungi holati yaxshi emas, aksincha O‘zbekiston yaxshi holatda. Bu ortiqcha bosim bermaydimi? Undan tashqari Qatarning hujum chizig‘i ancha kuchli. Sizlar bunga qarshi qanday chora ko‘rishingiz mumkin?
— Juda ham qiyin guruhdan o‘rin olganmiz. Har bir o‘yin biz uchun jiddiy. Eron, Qatar va BAA kabi terma jamoalarning saviyasi bir xil. Bitta xato uchrashuv natijasiga ta’sir o‘tkazishi mumkinligini bilgan holda harakat qilamiz.
Ma’lumot uchun, Qatar — O‘zbekiston uchrashuvi 14 noyabr Toshkent vaqti bilan 21:15 da “Jassim bin Hamad” stadionida start oladi.