Bugun 17 may, 2024 yil, juma

КИР

O‘zbekiston karate Milliy federasiyasida seleksiya jarayoni qizg‘in

O‘zbekiston karate Milliy federasiyasida seleksiya jarayoni qizg‘in

Bugun yoshlarimiz orasida sharqona yakkakurash turlariga bo‘lgan qiziqish tobora ortib bormoqda. Bu bejiz emas, zotan so‘nggi yillarda vatanimiz sportchilarining xalqaro arenalarda qo‘lga kiritayotgan olamshumul g‘alabalari murg‘ak qalb sohiblarini sport to‘garaklari tomon yetaklamoqda, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

O‘zbekiston karate Milliy federasiyasi rahbariyati tomonidan mamlakatimizda ushbu sport turini yanada keng ommalashtirish, hududlarda seleksiya jarayonlarini o‘tkazish orqali iqtidorli yoshlarni saralash, shu orqali o‘smirlar hamda yoshlar terma jamoalarimizga munosib zaxira shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shu maqsadda joriy yil 9-10 fevral kunlari Termiz shahrida bolalar va o‘smirlar o‘rtasida Surxondaryo viloyat chempionati o‘tkazildi. Unda viloyatning barcha tumanlaridan yosh va umidli sportchilar g‘oliblik uchun tatamiga chiqishdi.
Mazkur tadbirdan ko‘zlangan maqsad avvalo hudud yoshlari orasida Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilgan karate turini keng ommalashtirish hamda eng iqtidorli yoshlarni saralab olishdan iborat. Bugungi kunda O‘zbekiston karate Milliy federasiyasi barcha terma jamoalar uchun teng kuchli bir nechta tarkibni shakllantirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Negaki raqobat bor joyda o‘sish bo‘ladi. Qolaversa, bugun karate sportida reyting tizimi joriy etilgan bo‘lib, endi sportchilar eng nufuzli musobaqalar, xususan Olimpiya o‘yinlariga reyting ochkolari beriladigan A Seriyali turnirlarda muntazam qatnashib turishmasa, reytingdagi mavqeini boy berishi mumkin. Shuning uchun seleksiya jarayoniga jiddiy e’tibor qaratmoqdamiz, - dedi biz bilan suhbatda O‘zbekiston karate Milliy federasiyasi vise-prezidenti Komiljon Odilov.
Surxondaryoda boshlangan seleksiya ishlari endi Qashqadaryo viloyatiga ko‘chadi. Shu zaylda O‘zbekiston karate Milliy federasiyasi maxsus ishchi guruhi yurtimizning barcha hududlarida bo‘lib, yosh sportchilar orasidan eng iqtidorlilarini saralab oladi. Bu esa tabiiyki yurtimizda karate sportining yanada rivojlanishiga xizmat qiladi.
Manba: uza. uz
Kiritildi: 22:45 11.02.2019. O'qildi: 1716 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!