Bugun 8 may, 2024 yil, chorshanba

КИР

"O‘zbekiston jahon hamjamiyati u haqida ko‘proq bilishiga loyiq..."

"O‘zbekiston jahon hamjamiyati u haqida ko‘proq bilishiga loyiq..."

O‘zbekistonning YUNESKOdagi doimiy vakili Kamol Muxtorov Fransiya akademiyasi doimiy kotibi Amin Maaluf bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA.

Amin Maaluf — asli kelib chiqishi livanlik bo‘lgan mashhur fransuz yozuvchisi hisoblanadi. Uning asarlari dunyoning ko‘plab mamlakatlarida yuqori mashhurlikka erishgan va 27 tilga tarjima qilingan. Adib zamonaviy fransuz nasrining yorqin namoyandasi hamdir. Adibga shuhrat keltirgan asarlar qatorida 1988 yilda nashr etilgan "Samarqand" romani ham bor. Ushbu tarixiy fantastik janridagi asar qator xalqaro mukofotlar bilan taqdirlangan. Shuningdek, mazkur roman O‘zbekiston hamda uning boy tarixiy-madaniy merosini yevropalik kitobxonlarga yetkazishda muhim o‘rin tutgan.

Fransiya akademiyasi 1635 yilda Fransiya instituti tarkibida tashkil etilgan ilmiy muassasa hisoblanadi. Uning maqsadi fransuz tili va adabiyotini o‘rganish, fransuz tilining lingvistik va adabiy me’yorlarini tartibga solishdan iborat. Doimiy kotib Fransiya akademiyasining umrbod beriladigan oliy martabasidir.

Uchrashuvda Amin Maalufga mamlakatimizda ilm-fan, ta’lim va madaniyatning zamonaviy taraqqiyoti, xususan, YUNESKO bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga qaratilayotgan yuksak e’tibor haqida ma’lumot berildi. 2025 yilda Samarqand shahrida YUNESKO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasining o‘tkazilishi O‘zbekistonning mazkur tashkilot bilan hamkorligi jadal rivojlanib borayotganidan yorqin dalolat ekani ta’kidlandi. Tadbirga Amin Maaluf shaxsan ishtirok etish va ma’ruza qilish uchun taklif qilindi.

O‘z navbatida, fransuz adibi O‘zbekiston tomonini YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasiga Samarqand mezbonlik qilishi bilan samimiy tabrikladi.

– YUNESKO bosh tadbirining Samarqandda o‘tkazilishi O‘zbekiston uchun katta yutuqdir. Ishonchim komilki, insoniyat taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan, sivilizasiyalar chorrahasida joylashgan boqiy Samarqand shahrida ushbu tadbirning tashkil etilishi O‘zbekiston uchun ham, YUNESKO va barcha a’zo davlatlar uchun ham muhim tarixiy voqeaga aylanishi shubhasiz, – dedi u. – Samarqand shahri mening hayotimda alohida o‘rin tutadi. "Samarqand" romanini yozish chog‘ida bu ko‘hna kentga birinchi tashrifim xotiram va ijodimda o‘chmas iz qoldirdi. O‘zbekiston boy tarix va madaniy merosga ega mamlakat sifatida dunyoning turli burchaklaridan sayyohlarni o‘ziga doimo maftun etib keladi. Tarixiy obidalari va o‘ziga xosligi jihatidan Buxoroni Ispaniyaning Granadasi bilan, Samarqandni Kordova bilan solishtirish mumkin. Jahon hamjamiyati O‘zbekiston haqida ko‘proq bilishga loyiq va mamlakatingiz haqida gapirish menga katta mamnuniyat bag‘ishlaydi.

Fransiya akademiyasi rahbari 2025 yilda Samarqandga YUNESKO Bosh konferensiyasida ishtirok etish taklifi uchun minnatdorlik bildirib, bo‘lajak tadbirda Fransiya ilmiy va madaniy doira vakillari bilan birgalikda ishtirok etishdan mamnun bo‘lishini ta’kidladi.

Kiritildi: 09:50 27.04.2024. O'qildi: 682 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!