O‘zbekiston futbol hakamlari markaziga xalqaro tajribaga ega malakali mutaxassislar mas’ul bo‘lishadi. Xususan, jahon tajribasidan kelib chiqqan holda, Markaz faoliyatini muvoffiqlashtirish uchun O‘FA texnik direktori Gi Kiala jalb etiladi. Shuningdek, boshqaruv lavozimida doimiy faoliyat olib boradigan xorijlik mutaxassislar nomzodi o‘rganib chiqilmoqda. Jahon va Osiyo miqyosida yuqori mavqega ega taniqli mutaxassislar Farhod Abdullayev, Vladislav Seytlin, Ma’mur Saidkasimov hamda Valentin Kovalenko hakamlarni tayyorlash, o‘qitish va malakasini oshirish hamda tahliliy jarayonlarga mas’ul bo‘ladi.
Hakamlarni besh bosqichdan iborat dastur bo‘yicha yangi mavsumga tayyorgarlik jarayonini mazkur ekspertlar nazorat qilib borishadi. Ushbu sa’y-harakatlar milliy va xalqaro futbol musobaqalarida sifatli va professional hakamlikni ta’minlash maqsadida amalga oshirilmoqda.