Bugun 21 may, 2025 yil, chorshanba

КИР

O‘zbekiston elchisi Andorra hamraisi, Urxelsk yepiskopiga ishonch yorliqlarini topshirdi

A A A
O‘zbekiston elchisi Andorra hamraisi, Urxelsk yepiskopiga ishonch yorliqlarini topshirdi

O‘zbekistonning Andorraga yangi tayinlangan elchisi Farrux Tursunov Andorra knyazi-hamraisi, Urxelsk yepiskopi Joan Enrik Vives-i-Sisilga ishonch yorliqlarini topshirdi.

"Dunyo" AAning xabar berishicha, tantanali marosimdan so‘ng bo‘lib o‘tgan suhbat chog‘ida Urxelsk yepiskopi elchini samimiy qutlab, O‘zbekistonda kechayotgan o‘zgarishlar jarayonlarini katta qiziqish bilan kuzatib borishini ta’kidladi. U, shuningdek, mamlakatimiz rahbariyatining, ayniqsa, bugungi murakkab geosiyosiy sharoitda tinchlik, barqarorlik va xalqaro muloqotni ta’minlashga qaratilgan oqilona va uzoqni ko‘zlagan siyosatini yuksak baholadi.

Andorra hamraisi O‘zbekiston millatlararo va konfessiyalararo totuvlikning muvaffaqiyatli namunalarini ko‘rsatayotgani, 130 dan ortiq millat va elatlar, shuningdek, 2000 dan ortiq diniy tashkilotlar tinch va o‘zaro hurmat muhitida istiqomat qilayotganini e’tirof etdi.

Andorra kichik bo‘lishiga qaramay, O‘zbekiston bilan munosabatlarni rivojlantirishga katta ahamiyat berayotgani, uni muhim va hurmatli hamkor sifatida qabul qilishi alohida qayd etildi.

Episkop O‘zbekistonning iqtisodiy dinamikasini, jumladan, COVID-19 pandemiyasi davrida mamlakat barqaror o‘sish sur’atlarini ko‘rsatib, inqirozdan ijobiy ko‘rsatkichlar bilan chiqqanini diqqat bilan kuzatib borgani samarali islohotlar samarasi ekanini bildirdi.

O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati, xususan Samarqand shahrining buyuk tarixi va madaniy merosiga e’tibor qaratildi.

Bundan tashqari, Andorra hamraisi O‘zbekistonga tashrif buyurish istagini bildirdi va andorralik yoshlarning boy tarix va madaniyatga ega mamlakatlarga qiziqishi ortib borayotgani, O‘zbekiston esa bunday yo‘nalishlar orasida alohida o‘rin tutayotganini ta’kidladi.

Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston va Andorra o‘rtasida turli sohalar, jumladan, madaniyat, turizm va xalqaro muloqot kabi ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlashdan o‘zaro manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar.

Kiritildi: 21:06 19.05.2025. O'qildi: 357 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!