Hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash maqsadida Afg‘oniston fermerlari va agrar tuzilmalariga beg‘araz yordam tariqasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetkazib berildi, deya xabar bermoqda Qishloq xo‘jaligi vazirligi.
Qayd etilishicha, yordam tarkibida 200 gektar yer uchun ob-havo sharoitlariga chidamli, sertifikatlangan 5 tonna chigit, 100 gektar maydon uchun 20 tonna sholi, 25 gektar yer uchun 500 kg mosh, shuningdek, 187 kg sabzavot urug‘lari va 600 kg poliz ekinlarining saralangan, yuqori sifatli urug‘lari bor.
Mazkur amaliy yordam Afg‘onistonda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, qishloq aholisi bandligini oshirish hamda agrar sohada innovasiyalarni joriy etishga xizmat qilishi kutilmoqda.
«O‘zbekiston — Afg‘oniston o‘rtasidagi agrar hamkorlik bugungi kunda mintaqaviy barqarorlik va iqtisodiy taraqqiyotga xizmat qilmoqda. Bu esa qo‘shnichilik tamoyillari va umuminsoniy qadriyatlarga asoslangan munosabatlarning amaliy ifodasidir», — deyiladi vazirlik xabarida.