“Yangi O‘zbekiston” va “Pravda Vostoka” tahririyati gazetalarining muxbiri Zulxumor Akbarova O‘zbekiston mustaqilligining 33 yilligi arafasida Qirg‘iz Respublikasining Bilim vazirligi Ilm-fan va kasb-hunar akademiyasining “Chingiz Aytmatov-Oltin qalam” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Zulxumor Akbarova O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti va O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikasiyalar universitetlarida tahsil olgan.
Faoliyati davomida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tizimida, Muqimiy nomidagi O‘zbekiston Davlat musiqali drama teatri, Andijon viloyati teleradiokompaniyalarida turli lavozimlarda mehnat qilgan. Uning “Ko‘ngil iztiroblari” she’riy to‘plami, “Qizil shu’la” hikoyalar to‘plami nashr etilgan. Shuningdek, ko‘plab tanlovlarda qatnashib diplom va sertifikatlarni qo‘lga kiritgan.
Zulxumor Akbarova bugunga qadar “Dunyo talantlari uyushmasi” tomonidan “Xalqaro Abay ko‘krak nishoni” bilan ham taqdirlangan.