Avvalroq Qo‘qon shahrida 3 yoshli o‘g‘lini bo‘g‘ib o‘ldirgan andijonlik ayol haqida xabar bergan edik. Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyati sudida mazkur jinoyat ishi ko‘rib chiqilib, sudlanuvchiga nisbatan hukm o‘qildi, deb xabar qiladi O‘zA.
Sudlanuvchi S.T 2018 yil 23 mart kuni o‘zaro oilaviy kelishmovchiliklar sababli yashash xonadoni Andijon viloyati, Qo‘rg‘ontepa tumani, Ma’murobod qishlog‘idan 2015 yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan farzandi bilan chiqib ketib, 23-25 mart kunlari davomida Qo‘qon shahrida bir nechta shaxslarning uylarida tunab qolgan. 26 mart kuni o‘ziga tanish bo‘lmagan J.M bilan o‘g‘li F.Ini olib, Toshkent shahriga ishlash maqsadida ketadi. U yerda qaramog‘ida voyaga yetmagan o‘g‘li borligi sabab ishga joylasha olmaydi. O‘g‘li F.Idan qutulish maqsadida 2018 yil 2 aprel kuni Toshkent shahridan farzandi bilan Dang‘ara tumanida joylashgan avtobuslar shohbekatiga kelib, u yerdan Qo‘qon shahriga harakatlanuvchi 14-yo‘nalishli avtobusga o‘tirib, soat 16 larda Dang‘ara tumanidan Qo‘qon shahar "Turkiston" ko‘chasi tomonga harakatlanib keladi. “Avtokemping” mas’uliyati cheklangan jamiyati binosining ro‘parasida avtobusdan tushib qoladi. O‘zining niyatini amalga oshirish maqsadida binoning oldi yon tomonida joylashgan archalarning orqa tomoniga o‘tib, o‘ng qo‘l barmoqlari bilan ojiz ahvoldagi voyaga yetmagan o‘g‘lini bo‘yin qismini qattiq bo‘g‘ishi oqibatida voyaga yetmagan o‘g‘li F.I vafot etgan. O‘g‘lining murdasini archa daraxti tagiga tashlab, hodisa joyidan yashiringan.
Ma’lum bo‘lishicha, sudlanuvchi S.T. sudda aybiga to‘liq iqror va qilmishidan pushaymon bo‘lib ko‘rsatuv bergan. Unga nisbatan jazo turi va me’yorini belgilashda sodir etgan jinoyatining xususiyati, ijtimoiy xavflilik darajasi, jabrlanuvchi qonuniy vakilining S.Tga nisbatan og‘irroq jazo tayinlash haqidagi talabi, jinoyatni g‘arazli va boshqacha past niyatlarda sodir etgani inobatga olinib, 15 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Sud tomonidan bu jinoyatning kelib chiqishiga imkon bergan shart-sharoitlarni bartaraf etish yuzasidan Andijon viloyati xotin-qizlar qo‘mitasiga va fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Andijon viloyati kengashiga xususiy ajrim chiqarildi.
Manba: sof.uz