Abu Barza roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasullulloh sollallohu alayhi va sallam xuftondan oldingi uyquni va undan keyingi suhbatni yoqtirmasdilar” (Imom Buxoriy rivoyati).
Xuftondan oldingi uyqu kechki uyquga putur yetkazadi. Undan keyingi suhbat esa bomdod namoziga uxlab qolish xavfini keltirib chiqaradi.
Baro ibn Ozib roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Yotog‘ingga kelganda namozga qanday tahorat qilsang shunday tahorat qil. Keyin o‘ng tomoningga yot, so‘ngra bunday degin:
“Allohumma aslamtu vajhiy ilayk va favvaztu amriy ilayk va alja’tu zohriy ilayk. Rog‘batan va rohbatan ilayk. Laa malja’a va laa manja minka illa ilayk. Allohumma amantu bikitabik allaziy anzalta va binabiyyik allaziy arsalta” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
“YO, Allohim! Senga umid qilib va qo‘rqib yuzimni (o‘zimni) Senga taslim qildim. Ishimni Senga topshirdim. Senga suyandim. Panoh va najot faqat O‘zingdandir. Nozil qilgan kitobingga va yuborgan nabiyyinnga imon keltirdim”.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasulullloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Qaysi biringiz yotog‘iga yotsa, izorining ichki tarafi bilan to‘shagini qoqib yuborsin. Zero, u o‘zidan keyin to‘shagiga nima kirganini bilmaydi. So‘ngra bunday deydi: “Robbim! Noming ila yotdim va Sen ila turaman. Agar jonimni olsang rahm qil. Agar jonimni yuborsang (qaytarsang) uni solih bandalaringni saqlaganingdek asra” (Imom Buxoriy rivoyati).
“Allohumma bismika amutu va ahya”
“Allohim, isming ila o‘laman va tirilaman!”.
Huzayfa roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Qachonki, Nabiy sollallohu alayhi vasallam tungi yotoqlariga borsalar, qo‘llarini yuzlarini tagiga qo‘yardilar. So‘ngra: “Allohim, isming ila o‘laman va tirilaman!” derdilar. Uyg‘onsalar:
“Alhamdu lillahillaziy ahyana ba’da ma amatana va ilayhin nushur”
“Jonimizni qabz qilgandan keyin qayta tiriltirgan Allohga hamd bo‘lsin. Qayta tirilish Uning O‘zigadir”, deb aytardilar (Imom Buxoriy rivoyati).
عَنْ طِخْفَةَ الْغِفَارِيِّ ، قَالَ: أَصَابَنِي رَسُولُ اللَّهِ نَائِمًا فِي الْمَسْجِدِ عَلَى بَطْنِي فَرَكَضَنِي بِرِجْلِهِ، وَقَالَ: مَا لَكَ وَلِهَذَا النَّوْمِ. هَذِهِ نَوْمَةٌ يَكْرَهُهَا اللَّهُ، أَوْ يُبْغِضُهَا اللَّهُ
Tixfatul G‘iforiy roziyallohu anhu aytdilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam masjidda chalqancha holatda uxlab yotganimda ko‘rib qoldilar. Shunda, oyoqlari bilan turtib: “Bu uyqu nimasi?! Buni Alloh yomon ko‘radi”, dedilar» (Imom Ibn Moja rivoyati).
Oisha roziyallohu anho onamizdan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tungi yotoqlariga borsalar, ikki kaftlarini birlashtirib, ularga dam urib – “Ixlos”, “Falaq”, “Nas” suralarini qiroat qilardilar. So‘ngra ikki kaftlarini badanlarining qo‘llari yetgarlik joylariga surtardilar. Boshlaridan boshlab, so‘ngra yuzlari va ketma-ket boshqa a’zolariga. Bu ishni uch marta qilardilar” (Imom Buxoriy rivoyati).
Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Alif laam miym” va “Tabarokallazi biyadihil Mulku”ni qiroat qilmasdan uxlamas edilar» (Imom Termiziy rivoyati).
Oisha roziyallohu anho onamiz rivoyat qiladilar: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam “Zumar” va “Bani Isroil” (Isro) suralarini o‘qimasdan uxlamasdilar» (Imom Termiziy rivoyati).
Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Ikki xislat bor. Kim unga amal qilsa, albatta jannatga kiradi. Ikkisi oson, ammo unga amal qiladigan ozdir.
Birinchisi, har bir namozdan so‘ng 10 marta tasbeh (Subhanalloh) aytadi, 10 marta Allohga hamd (Alhamdulillah) aytadi va 10 marta takbir (Allohu akbar) aytadi. Bir kunda 150 ta, tarozida esa 1500 ta bo‘ladi.
Ikkinchisi, qachon uxlashga yotsa, 34 marta takbir (Allohu akbar), 33 marta hamd (Alhamdulillah) va 33 marta tasbeh (Subhanalloh) aytadi. Jami 100 ta, tarozida 1000 ta bo‘ladi”, dedilar.
Shunda sahobalar roziyallohu anhum: “Yo Allohning Rasuli! Nega oson bo‘lgan bu amallarga amal qiladiganlar oz?” deb so‘rashdi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bu amalni qilmoqchi bo‘lganning oldiga shayton namozda kelib, uni aytishidan oldin hojatini esiga soladi. Uyquga yotganida esa, uni aytishidan oldin uxlatib qo‘yadi”, deb javob berdilar (Imom Termiziy, Imom Nasoiy rivoyati).
Abu Dardo roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi va sallam aytdilar: “Kim yotog‘iga tungi namozga (tahajjudga)turishni niyat qilib yotsa va tungi namozga uxlab qolib tong orttirsa, unga niyat qilgani bo‘libdi. Uyqusi esa Robbisi azza va jalladan u uchun sadaqa bo‘libdi”.
Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhumo rivoyat qiladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Idishlarning og‘zini yopib, eshiklarni tambalab va chiroqlarni o‘chirib yotinglar, chunki sichqon pilikni tortib yuborib, uy ahlini yoqib yuborishi mumkin”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Manba: muslim. uz