Bugun 16 may, 2025 yil, juma

КИР

Uyida 1 294 litr qalbaki aroq saqlagan shaxs ushlandi

A A A
Uyida 1 294 litr qalbaki aroq saqlagan shaxs ushlandi

Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasining kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha boshqarmasi hamda Ichki ishlar vazirligi xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida qo‘lbola usulda alkogol mahsulotlarini ishlab chiqarayotgan uyushgan jinoyatchilik guruhi faoliyatiga chek qo‘yilib, 2 tonna alkogol mahsuloti va 718 litr spirt muomalaga chiqarilishining oldi olindi.

To‘rtko‘l tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro O.O.ning yashash xonadoni ko‘zdan kechirilganida 3 ming 357 dona qalbaki aksiz markasi, jami 600 litr qalbaki aksiz markali va umuman aksiz markasiga ega bo‘lmagan 0,5 litr sig‘imli shishalardagi alkogolli ichimliklar, qo‘lbola usulda plastmassa idishga tayyorlab qo‘yilgan 125 litr alkogolli mahsulot, 18 litr etil spirti, 1 dona 300 litrli plastmassa idish, 3 ming 750 dona kapsula, 6 ming 254 dona QR kodi tushurilgan nakleyka, 1 ming 873 dona stiker, 315 dona bo‘sh shisha, 2 ming 768 dona plastmassa shisha qopqog‘i, 4 ming 853 dona temir shisha qopqog‘i va boshqa turdagi ashyoviy dalillar bilan alkogol mahsulotlari tayyorlanayotgani aniqlanib, jinoiy faoliyatga chek qo‘yildi.

Tezkor tadbir davom ettirilib, tumandagi Tozabog‘yop ovuli hududida istiqomat qiluvchi yana bir nafar fuqaroning yashash xonadoni ko‘zdan kechirilganida, unda 35 dona 20 litrli sig‘imli kanistrlarda jami 700 litr etil spirti keyinchalik qo‘lbola usulda aroq mahsulotini tayyorlovchi yashirin sexlarga yetkazib berish maqsadida saqlanib kelinayotganligi aniqlandi. Tumandagi navbatdagi xonadon ko‘zdan kechirilganida esa alkogol mahsulotlarini tayyorlashda ishlatiladigan anjomlar borligi ma’lum bo‘ldi. Xonadondan 16 dona rulonda va kesilgan holatdagi aroqlarni bloklashda foydalaniladigan shaffof polietilen paketlar, plastmassa idishlar, gaz garelkasi, 0,2 va 0,5 litr sig‘imdagi jami 69 dona bo‘sh shisha, 1 dona gaz reduktori, 6 dona voronka, 7 dona buyoq shyotka, 10 metr polietilen shlanga hamda 3 dona polietilen paketni yopishtiruvchi dazmol ashyoviy dalil tariqasida olindi.

Keyingi manzilda esa qo‘lbola usulda tayyorlangan alkogolli ichimliklar “realizasiya”ga chiqarilar ekan. Fuqaro A.A.ning yashash xonadoni ko‘zdan kechirilganida, uyida qo‘lbola usulda ishlab chiqarilgan, qalbaki aksiz markalar bilan markalangan 0,45, 0,5, 0,75 va 0,2 litr sig‘imdagi 2 ming 622 ta shishada jami 1 ming 294 litr aroq “yama” tariqasida saqlab qo‘yilganligi aniqlandi.

Spirt va alkogol mahsulotlarining noqonuniy muomalasini oldini olish yuzasidan o‘tkazilgan keng qamrovli tezkor tadbir davomida huquqbuzarlardan qiymati jami 194 million so‘m miqdordagi alkogolli ichimlik hamda spirt mahsuloti daliliy ashyo sifatida olib qo‘yildi.

Mazkur holat yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasining surishtiruv va ma’muriy amaliyot bo‘limi tomonidan jinoyatga aloqador shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Kiritildi: 16:22 14.05.2025. O'qildi: 365 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!