Bugun 28 mart, 2024 yil, payshanba

КИР

O‘qituvchilarga qachon avtokreditlar ajratiladi?

O‘qituvchilarga qachon avtokreditlar ajratiladi?

2018 yili chiqqan gap: o‘qituvchilar uchun qulay narxlarda avtokre­dit va uy-joylar ajratilishi haqida ­eshitmagan odam yo‘q bo‘lsa kerak.

Hatto shu yil 14 avgustda Prezident qarori ham tasdiqlangandi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan taqdim etilgan ro‘yxat bo‘yicha xalq ta’limi tizimidagi pedagog xodimlarga iste’mol kreditlari, shu jumladan, avtotransport vositalari sotib olish uchun maxsus jamg‘arma hisobidan 14 foizli 1 yil imtiyozli davr bilan 5 yil muddatga, dast­labki badal summasi sotib olinayotgan avtotransport vositasi qiymatining 25 foizi miqdorda, tijorat banklari kreditlari hisobiga avtotransport vositalari sotib ­olish uchun avtotransport vositalari ajratilishi belgilab qo‘yilgan edi.

Undan tashqari, har yili qishloq va shaharlarda namunaviy loyihalar bo‘yicha qurilayotgan arzon uy-joylarning bir qismini xalq ta’limi tizimidagi pe­dagog xodimlarga 20 yil muddatga, 3 yillik imtiyoz­li davr hamda birinchi 5 yil mobaynida yillik 7 foiz stavkasi bilan va keyingi davrda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasi miqdorida dastlabki badali 10 foiz bo‘lgan ipoteka krediti sifatida berish belgilangan. Shuningdek, “Har bir oila — tadbirkor” dasturi doirasida pe­dagog xodimlarning oila a’zolariga issiqxona tashkil etish, qoramol, parranda sotib olish va tadbirkorlik faoliyati uchun 3 yil muddatga, 6 oylik imtiyozli davr bilan, yillik 7 foiz stavka miqdorida kreditlar berish tartibi ishlab chiqilishi lozimligi ham ko‘rsatilgandi.

Afsuski, oradan ikki yil o‘tgan bo‘lsa-da yuqoridagilarning hech biri bajarilmadi. To‘g‘ri, avtokreditlar ajratildi, lekin juda oz miqdorda ajratilganligi uchun o‘qituvchilar bu xabarni eshitishga ham ulgurmasdan belgilangan limit tugadi. O‘shanda “Malibu”, “Tracker”, “Lacetti” uchun limit belgilanmagan. Hatto bu mashinalarga chegirmalar ham bo‘lgan. Lekin aynan o‘qituvchilar qurbi yetadigan “Spark”, “Damas” va “Nexia 3” avtomashinalarini sotib olishga esa chegara qo‘yilgan.

Ya’ni, butun O‘zbekiston bo‘yicha quyidagi avtomobillarga:

“Spark” — 500 ta;

“Damas” — 1000 ta;

“Nexia 3” — 3000 ta miqdorida limit belgilangandi.

Shuningdek, bu imtiyozli avtokreditlar faqatgina Xalq ta’limi xodimlari uchun emas, balki Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Maktabgacha ta’lim vazirligi xodimlari uchun ham amal qilgan. Bu butun O‘zbekistondagi o‘qituvchilar uchun dengizdan tomchi degani. Moliya vazirligi, Markaziy bank, “O‘zavtosanoat” AJ, Xalq ta’limi vazirligi, Qurilish vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, “O‘zshaharqurilishinvest” va “Qishloqqurilishinvest” injiniring kompaniyalari o‘qituvchilar uchun qulay narxlarda bo‘lgan uy-joy va avtokreditlar masalasini yana bir ko‘rib chiqsa yaxshi bo‘lardi. O‘qituvchilarga kredit uchun uy va mashinalar berilsa, Markaziy bank ham, “O‘zavtosanoat” AJ ham foyda qilsa qiladiki, zarar qilmaydi. Kredit uchun deyilyapti, har qalay tekinga berilsin deyilmayapti.

O‘qituvchi maqomini oshirish kerak deymiz-ku, lekin shu oddiygina kredit masalasi hali ham ijobiy hal etilmaydi negadir.

Ulug‘bek PO‘LATOV, Xalq ta’limi Info telegram kanali ta’sischisi, bloger

Manba: ma'rifat.uz

Kiritildi: 17:32 07.01.2021. O'qildi: 6475 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!