G‘azoda yuzaga kelgan og‘ir gumanitar inqiroz ortidan BMTning Falastinlik Qochqinlarga Yordam Agentligi (UNRWA) va Falastin Qizil Yarim Oy Jamiyati xalqaro hamjamiyatni isroilga nisbatan qat’iy choralar ko‘rishga chaqirmoqda.
UNRWA ma’lumotlariga ko‘ra, G‘azodagi ko‘plab oilalar kuniga atigi bir martalik ovqat bilan kun o‘tkazishga majbur. Ayrimlar iste’mol qilish xavfli bo‘lgan narsalarni ham yemoqda. Kasalxonalar haddan tashqari ko‘plab yarador va halok bo‘lganlar bilan to‘lib ketgan. Dorilar tanqisligi tufayli oddiy og‘riq qoldiruvchilar ham mavjud emas.
Shuningdek, Falastin Qizil Yarim Oy Jamiyati prezidenti Yunus al-Xatib isroilni insoniyatga qarshi jinoyatlarda ayblab, unga sanksiyalar qo‘llashni talab qilgan:
“Men do‘stlarim va xodimlarimning bir davlat tomonidan o‘ldirilishini kuzatib turolmayman. isroil bizning ramzlarimiz va xalqaro huquqni mensimayapti. Agar bu ishni boshqa biror davlat qilganida edi, unga allaqachon sanksiya qo‘yilgan bo‘lardi”.
UNRWA vakili o‘zining bayonotida isroilning* G‘azo sektoriga gumanitar yordam yetkazish rejasi xalqaro gumanitar huquq me’yorlariga zid ekanini ta’kidlagan.
Unga ko‘ra, bu reja aholining majburiy ichki ko‘chirilishiga yo‘naltirilgan bo‘lib, ocharchilikni qurol sifatida ishlatish orqali G‘azo ichkarisida harbiy natijalarga erishishga urinishdir. UNRWA yordamni siyosiy qarashlardan qat’i nazar adolatli va mustaqil ravishda taqsimlashga intilmoqda. Shuningdek, yordam fraksiyalar yoki qarshilik harakatlariga yetib boryapti degan da’volar asossiz ekani bildirildi.