“Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq chora-tadbirlarni yanada takomillashtirish to‘g‘risidagi 12.10.2024 yildagi 668-son Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilindi.
✅ Ushbu Qarorning maqsadi, “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish uchun lisenziya olish talablarini belgilash, ziyoratchilarga amallarni munosib va xavfsiz bajarishlari uchun shart-sharoitlar yaratish, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, sifatli va kafolatlangan xizmatlardan foydalanishini ta’minlashga qaratilgan.
✅ Ma’lumki, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi 935-son O‘zbekiston Respublikasi Qonuni 2024 yil 2 iyul kuni qabul qilindi.
✅ Qonunga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchaga ko‘ra, “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatishga doir faoliyat lisenziyalanadigan faoliyatning alohida turi sifatida belgilandi.
✅ Bunda, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita mazkur sohadagi lisenziyalovchi vakolatli organ sifatida belgilandi.
✅ “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish faoliyati uchun lisenziya yakka tartibdagi lisenziya turi hisoblanadi hamda lisenziyalarni berish tanlov asosida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan 2024 yil 5 oktyabrdan amalga oshiriladi.
✅ Quyidagi lisenziya talab va shartlari joriy etilmoqda:
* Ziyoratchilarga guruh rahbari etib O‘zbekiston musulmonlari idorasi bilan tuziladigan shartnoma asosida diniy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan mutaxassisni tayinlash;
* shtatida diniy ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha ta’lim muassasasi yoki O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining bitiruvchisi bo‘lgan kamida bir nafar mutaxassisning mavjudligi;
* voyaga yetmagan fuqarolarga xizmat ko‘rsatmaslik;
* 1 mln AQSh dollari miqdordagi mablag‘ni “Ziyorat” jamg‘armasiga zaxira qilib qo‘yish;
* o‘z faoliyatini turoperator va turagentlar orqali amalga oshirmaslik;
* ziyoratchilar uchun Saudiya Arabistoni Podshohligining faqat “Umra” vizasini rasmiylashtirish;
* Bunda, "Umra" vizasidan tashqari viza bilan fuqarolarni olib borish noqonuniy faoliyat hisoblanadi.
* “Umra” xizmatlarini Saudiya Arabistonidagi hamkor tashkilot o‘rtasida imzolanadigan shartnomaga muvofiq amalga oshirish hamda ular tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun to‘lovlarni bank muassasalari orqali amalga oshirish;
* ziyoratchilarga “Umra” amallarini bajarishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish va sifatli “Umra” xizmatlarini ko‘rsatish, shuningdek, Saudiya Arabistonining Makka va Madina shaharlarida ziyoratchilarga o‘z vaqtida tibbiy xizmat ko‘rsatishni tashkil etish;
* xalqaro yo‘nalishlarda yo‘lovchi va yuk tashish bo‘yicha 2 yildan kam bo‘lmagan tajribaga ega hamda ushbu davr mobaynida yo‘lovchi tashishning xalqaro va milliy qonunchilik talablarini buzmagan aviakompaniyalar bilan hamkorlik qilish, shuningdek, ziyoratchilarni yuborishdan oldin ularga borish-kelish aviachiptalarini xarid qilish;
* ziyoratchilarni toifasi 3 yulduzdan kam bo‘lmagan mehmonxonalarga joylashtirish;
* “Umra” xizmatini uchinchi davlatlar orqali ko‘rsatmaslik;
* “Umra” xizmatini lisenziyada ko‘rsatilgan manzildan boshqa joyda joylashgan vakolatxona va filial orqali amalga oshirmaslik;
✅ Shuningdek, “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha faoliyat uchun lisenziya olish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun yuridik shaxslarga solinadigan jarimalar miqdorlari BHMning 200 baravari (75 mln so‘m) etib belgilangan.
🟠 Ogoh bo‘ling, “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishga oid xizmatlarini lisenziyaga ega bo‘lmagan tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan ko‘rsatish taqiqlangan.
Hurmatli fuqarolar, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita ziyoratchilarimizni "Umra" amallarini munosib va xavfsiz bajarishlari uchun ogoh bo‘lishlari va keyinchalik turli ko‘ngilsiz holatlarga tushib qolmasliklari maqsadida ishonchli va kafolatlangan xizmatlardan foydalanishlarini tavsiya etadi.