Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi, tinchlik muzokaralarida Ukraina delegasiyasiga rahbarlik qilayotgan Rustem Umerov o‘zining Telegram kanalida Davosda AQSh prezidenti vakillari — Jared Kushner va Stiv Uitkoff bilan uchrashganini ma’lum qildi.
Umerovning qayd etishicha, uchrashuvda asosiy e’tibor iqtisodiy rivojlanish, urushdan keyingi tiklanish hamda xavfsizlik kafolatlariga qaratilgan. Shuningdek, hamkorlar Rossiya tomonidan fuqarolik infratuzilmasiga navbatdagi zarbalar berilgani, xususan Kiyevdagi vaziyat haqida xabardor qilingan. Ushbu hujumlar oqibatida millionlab odamlar elektr energiyasi va issiqlik ta’minotisiz qolgan.
Avvalroq ham AQSH, ham Rossiya tomoni Uitkoff va Kushner ertaga Moskvaga tashrif buyurishi, u yerda ularning Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan navbatdagi uchrashuvi rejalashtirilganini ma’lum qilgan edi.
Shu kuni Davosga Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ham yetib keladi va Donald Tramp bilan uchrashuv o‘tkazadi.