Kiyev hokimi Vitaliy Klichko Ukrainada askarlar yetishmovchiligi ortib borayotganini va mamlakat oldida jiddiy sinovlar turganini ta’kidladi.
“Bizda askarlar va inson resurslari bilan bog‘liq ulkan muammolar bor... Xorijda bo‘lgan yoshlarning kamida yarmi qaytib kelsa ham xursand bo‘lardik. Lekin buning uchun tinchlik, ish o‘rinlari va yuqori hayot sifati zarur. Urushdan keyin mamlakatni katta qiyinchiliklar kutmoqda”, — dedi Klichko.
Shuningdek, u askarlar yetishmasligi sababli Ukrainada safarbarlik yoshini 25 yoshdan 22 yoshgacha tushirish zarurligini aytdi.
“Hozir Ukrainada faqat 25 yoshdan boshlab safarbarlikka chaqirish mumkin. Bu yoshni 23 yoki 22 yoshgacha pasaytirish mumkin edi”, — deya qo‘shimcha qildi Kiyev hokimi.
Gazetalarning yozishicha, bu fikrlar Ukrainada yosh erkaklarning xorijga chiqib ketishi bo‘yicha xavotir kuchayganini ko‘rsatmoqda.
Ommaviy axborot vositalari ma’lumotlariga ko‘ra, Ukraina armiyasida shaxsiy tarkib yetishmovchiligi kuzatilmoqda. Xabarlarda ta’kidlanishicha, harbiy komissariatlar tomonidan safarbarlik jarayonlari bilan bog‘liq holatlar mamlakatdagi muhokamalar va noroziliklarga sabab bo‘lmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda harbiy chaqiruv jarayonlarini aks ettiruvchi videolar tarqalmoqda. Ayrim materiallarda harbiy komissariat xodimlari fuqarolarni avtobuslarga olib ketayotgani, ba’zi holatlarda kuch ishlatilgani haqida ham ma’lumotlar beriladi.
Shu bilan birga, Ukrainada chaqiruv yoshidagi ayrim erkaklar chaqiruvdan qochishga uringani haqida ham xabarlar chiqmoqda — ayrimlari mamlakatni noqonuniy tark etmoqda yoki uyda yashirinib qolmoqda.