Ukraina TIV rahbari Andrey Sibiga Damashqqa tashrifi chog‘ida Suriyaning yangi hukumati Ukrainaning hududiy yaxlitligini hurmat qilishiga umid bildirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Bashar Asad tuzumi davrida Suriya rasmiylari Qrimning Rossiya tomonidan anneksiya qilinishini tan olgan, shuning uchun Kiyev Damashq bilan diplomatik aloqalarni uzgan.
"Hozirgi sharoitda ularni tiklash imkoniyati mavjud. Biz yangi Suriya xalqaro huquqni, xususan, Ukrainaning hududiy yaxlitligi va suverenitetini hurmat qiladigan davlatga aylanishiga umid qilamiz. Bu diplomatik munosabatlarni tiklash, siyosiy muloqot va diplomatik institutlar faoliyatiga yo‘l ochadi", — dedi Sibiga.
Ukraina prezidenti maslahatchisi Dmitriy Litvin jurnalistlarga Sibiganing Suriyaga tashrifi prezident Volodimir Zelenskiy nomidan amalga oshirilayotganini aytdi.
"Prezident Zelenskiy Sibigadan ushbu tashrif va muzokaralar haqida hisobot kutmoqda", — deya qo‘shimcha qildi Litvin.