Ukraina qo‘shinlari Kursk viloyatida shimoliy koreyalik harbiyni asirga oldi. Ma’lumotni Janubiy Koreya razvedka xizmati tasdiqladi. Bu haqda Yonhap xabar berdi.
“Do‘st mamlakatning razvedka tashkiloti bilan real vaqt rejimida ma’lumot almashish orqali biz yaralangan Shimoliy Koreya askarining qo‘lga olinganini tasdiqladik. Vaziyatning keyingi rivojlanishini sinchkovlik bilan o‘rganish niyatidamiz”, deyiladi Koreya razvedkasi bayonotida.
26 dekabr kuni Ukraina jangchilari urushga jalb qilingan birinchi Shimoliy Koreya askarini qo‘lga olgani haqida ma’lumot paydo bo‘ldi. Shuningdek, voqea joyidan olingan fotosuratlar ham e’lon qilindi. Asir olingan askar yaralangani aytilgan, ammo uning ahvoli bo‘yicha boshqa tafsilotlar mavjud emas.
Ukraina ommaviy axborot vositalari Kursk yo‘nalishidagi operasiya muvaffaqiyatli bo‘lganini xabar qildi. Harbiylar nafaqat jangovar vazifani bajargani, balki zirhli transportyor va asirni ham qo‘lga kiritgani ta’kidlangan.