AQSh va uning ittifoqchilari Ukraina uchun yangi tinchlik formulasi ustida ishlamoqda. The Washington Post manbalariga ko‘ra, mazkur formula doirasida eng asosiy bandlardan biri — Ukrainaning 2027 yilda Yevroittifoqqa kirishi bo‘lishi mumkin.
Manbalarning aytishicha, paket uch hujjatdan iborat:
tinchlik kelishuvi,
xavfsizlik kafolatlari,
Ukraina iqtisodiyotini tiklash rejasi.
Kiyev va YEI o‘z takliflarini tayyorlagan va ularni 10 dekabr kuni taqdim etishni rejalashtirmoqda. Biroq ular ommaga e’lon qilinadimi — bu hali aniq emas. Avvalroq AQSh Kiyevning tinchlik rejasi tafsilotlarini oshkor qilganidan norozi bo‘lgan edi.
Oq uy Ukraina Yevroittifoqqa qo‘shilishi savdo-sotiqni jonlantirishi, investisiyalarni jalb qilishi va korrupsiyaga qarshi kurashni kuchaytirishga yordam berishini ta’kidlamoqda. Donald Tramp ma’muriyati Vengriyaning qarshiligini yengib o‘tish mumkinligiga ishonmoqda, holbuki aynan Budapesht Ukrainaning a’zoligiga eng keskin qarshi tomon hisoblanadi.
Rossiya esa Kiyevning tanlovi — uning suveren huquqi ekanini ta’kidlab keladi. Moskva Ukrainaning YEIga kirishiga qarshi emasligini aytadi, biroq NATOga a’zolik istiqboliga qat’iy qarshilik bildirmoqda. Shu bilan birga, Kreml hududiy imtiyozlar talabi bilan chiqishni davom ettirmoqda. Moskva fikricha, Ukraina sharqidagi ayrim hududlar “baribir Rossiya tarkibiga kiradi”.
Tinchlik bo‘yicha muzokaralar esa nihoyatda murakkab kechayotgani qayd etilmoqda. Financial Timesning yozishicha, Tramp Ukrainaning hozirgi prezidenti Vladimir Zelenskiyga “bir necha kun” ichida javob berishni talab qilgan, kelishuvni katolik Rojdestvosigacha imzolashni istagan.
Jarayondagi asosiy intrigalardan biri — Vengriya pozisiyasi. Bosh vazir Viktor Orban Ukrainaning a’zoligiga ochiqchasiga qarshi chiqib, bu YEIni urushga tortishi va tiklanish uchun ulkan xarajatlar talab qilinishi mumkinligini ta’kidlaydi. Uning fikricha, davom etayotgan mojaro va noaniq chegara masalalari Yevroittifoqni zaiflashtirishi mumkin.
Shu bilan birga, Budapesht Balqan mamlakatlari, shuningdek Moldova va Gruziyaning YEIga qo‘shilishini faol qo‘llab-quvvatlamoqda — hech qanday oldingi shartlarsiz.