Turkiya madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy Gaziantep Madaniyat yo‘li festivalining ochilishidagi nutqida Madaniyat yo‘li festivalini 4 yil qisqa vaqt ichida yana 7 hududga kirib kelganini mamnuniyat bilan tilga oldi va shunday dedi: “Bu yil 16 ta shaharda o‘tkazgan festivalimiz mamlakatimizning eng yirik va boy brend loyihalaridan biriga aylandi. Umid qilamizki, shaharlarimizning brend qiymatiga katta hissa qo‘shayotgan festivalning salohiyatini yildan-yilga yanada oshiramiz. Madaniyat va san’at bilan uyg‘unlashgan turizm hamda madaniyat siyosatlari natijasi bo‘lgan Madaniyat yo‘li festivali ishtirokchilar soni bilan bugungi kunda dunyodagi eng katta festivallardan biri hisoblanadi. To‘rt yil ichida Yevropaning eng nufuzli madaniyat va san’at festivallarini o‘z ichiga olgan Yevropa festivallari assosiasiyasiga a’zolikka qabul qilinganimiz naqadar muvaffaqiyatga erishganimizning yaqqol dalilidir”.
Vazir Ersoy o‘z nutqida Turkiyaning turizm bobida dunyodagi eng kuchli salohiyatga ega davlatlar qatorida ekanligini, lekin afsuski bu salohiyat o‘tmishda to‘g‘ri baholanmaganini, Turkiyada turizm deyilganda faqat dengiz, qum va plyaj tushunilganini, tabiat mo‘’jizalari va sohillar bo‘yicha kerakli tadqiqotlar olib borilmaganligini ham qayd etdi.
Ersoy: Biz turizmdan 60 milliard dollar daromad olishni maqsad qilganmiz.
Ersoy Prezident Rajab Tayyip Erdog‘an boshchiligida turizm bo‘yicha inqilobiy qarorlar qabul qilib, o‘lka turizmini 12 oyga yetkazish va dunyo turizm daromadidan ancha kuchliroq ulush olish uchun harakat qilayotganliklarini ta’kidladi va so‘zida davom etdi: “Biz olib borgan ushbu tadqiqotlar natijasida bugungi kunda Turkiya dunyoda turizm bo‘yicha birinchi 5 talikdan joy oldi. 2002 yilda mamlakatimizga 13 million sayyoh keldi va turizmdan olgan daromadimiz 12 milliard dollarni tashkil etdi. Bugun 60 million sayyohni qabul qilish sari qat’iy qadam tashlar ekanmiz, daromadni 60 milliard dollarga yetkazishni maqsad qilganmiz. Bu muvaffaqiyatlar zamirida to‘g‘ri siyosat yuritish va qoidalarni hayotga tatbiq etish irodasi yotadi. Ana shunday to‘g‘ri siyosatlardan biri barcha yoshdagi va turli qatlam fuqarolarini madaniyat va san’atning barcha sohalariga oson va jadal kirishlarini ta’minlaydigan mana shunday festivallardir. 2021 yilda 2 mingdan ortiq san’atkor ishtirokida boshlangan festivalimiz doirasi har o‘tgan davr mobaynida Turkiyadan va dunyodan kelgan turli san’atkorlar va san’at muassasalari bilan kengaydi. 2023 yilga kelib festivalda ishtirok etuvchi san’atkorlar soni ancha yuqori darajaga yetdi. Bu yilgi maqsadimiz bu raqamlarni yanada oshirishdir. O‘tkazilayotgan tadbirlarda xalqimizning ishtiroki, san’at ixlosmandlarining qizg‘in qiziqishi qanchalik to‘g‘ri yo‘lda ekanligimizni ko‘rsatadi”.
Turkiya Madaniyat yo‘li festivali Gaziantepda 14 sentyabr shanba kuni boshlanib, 22 sentyabr yakshanba kuniga qadar barcha yoshga mos konsertlar, ko‘rgazmalar, suhbatlar va tadbirlar bilan davom etadi.
Ersoy: Vatanimizga yana 14 ta tarixiy ashyolar qaytarildi
Vazir Mehmet Nuri Ersoy Madaniy meros va muzeylar bosh boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurash bo‘limining faoliyatidan so‘ng yana 14 ta tarixiy asar vatanga qaytarilganligini ma’lum qildi: “Yillar davomida olib borilgan sa’y-harakatlardan so‘ng Bubon qadimiy shahridan olingan ikkita bronza haykal boshi va monumental bronza ayol haykalidan tashqari, turli davrlarga oid sopol buyumlar, tangalar, zargarlik buyumlari va 14 ta arxeologik va etnografik asarlar, jumladan, Usmoniylar davriga oid ikkita xanjar xalqimiz madaniy merosiga qaytadan qo‘shildi. 2024 yilda 35 asar qaytarildi. 2018 yildan buyon mamlakatimizga 7 ming 839 asar qaytgan bo‘lsa, 2002 yildan buyon 12 ming 154 asarning Turkiyaga qaytarilishini ta’minladik. Bu asarlar ming yillik tariximiz, chuqur ildiz otgan merosimiz timsoli sifatida o‘z joyida saqlanib qoladi va kelajak avlodlarga yetkaziladi”.