Bugun 26 dekabr, 2024 yil, payshanba

КИР

Turkiy davlatlar bilan ekologiya sohasidagi diplomatik aloqalar yangi bosqichga ko‘tarilmoqda

Turkiy davlatlar bilan ekologiya sohasidagi diplomatik aloqalar yangi bosqichga ko‘tarilmoqda

2024 yilning 5-6 noyabr kunlari Qirg‘iz Respublikasining Bishkek shahrida Turkiy davlatlar tashkilotining (TDT) navbatdagi sammiti o‘tkaziladi. Mazkur sammitda O‘zbekiston faol ishtirok etib, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi sohalarida dolzarb masalalarni ilgari surishni maqsad qilgan.

O‘zbekistonning TDTga a’zo davlatlar ekologiyasini yaxshilash borasidagi tashabbuslari

Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan xalqaro tadbirlarda barcha sohalarda, xususan, ekologiya borasida ham qator muhim tashabbuslar ilgari surilmoqda. Buning samarasi o‘laroq O‘zbekiston xorijiy tashkilotlar, jumladan, Turkiy davlatlar tashkilotida (TDT) ham o‘z o‘rniga ega davlatga aylandi. Xususan, 2022 yilning 10–11 noyabr kunlari Turkiy davlatlar tashkilotining birinchi sammiti yurtimizda o‘tkazildi. Ko‘hna va navqiron Samarqand mezbonlik qilgan sammitda O‘zbekiston tomonidan turkiy dunyoni yanada yaqinlashtirish va ulkan salohiyatni to‘liq ishga solishga qaratilgan muhim taklif va tashabbuslar bildirildi.

2023 yilda Turkiyaning Anqara shahrida, bo‘lib o‘tgan tashkilotning navbatdagi sammitida Davlatimiz rahbari global iqlim o‘zgarishlariga alohida e’tibor qaratdi. Jumladan, quyidagilar kechiktirib bo‘lmas chora-tadbirlar ekanligi ta’kidlandi:

— favqulodda holatlarning oldini olish va ularning oqibatlarini bartaraf etish maqsadida tashkilotning tizimli hamkorlik platformasini tashkil etish va bu platforma doirasida aniq mexanizmlarni joriy qilish va muhim choralar ko‘rish;

— favqulodda vaziyatlar bo‘yicha TDTga a’zo davlatlar vazirliklari o‘rtasidagi sheriklik aloqalarini faollashtirish;

jahonning eng ilg‘or tajribasini sohaga tatbiq etish, o‘rmon yong‘inlari, bo‘ronlarni oldindan aniqlash va aholini erta ogohlantirish hamda doimiy xabardorligini oshirib borish.

O‘tgan yili Qozog‘istonning Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan TDT tashkilotining navbatdagi sammitida esa O‘zbekiston ekologiya sohasida keng qamrovli hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekanligi qayd etildi.

Mazkur sammit doirasida Prezident Shavkat Mirziyoyevga turkiy xalqlar oilasining birligini mustahkamlashga, turkiy mamlakatlarning manfaatlari va qarashlarini xalqaro maydonda faol ilgari surishga qo‘shgan ulkan hissasi uchun “Turkiy dunyoning oliy ordeni” tantanali topshirildi.

Bundan tashqari, 2024 yilning 5-6 iyul kunlari Ozarbayjonda bo‘lib o‘tgan TDTning norasmiy sammitida O‘zbekiston tomonidan asosiy e’tibor iqlim o‘zgarishlariga qarshi birgalikda kurashishga qaratildi. Shavkat Mirziyoyev mavjud muammolarni tizimli hal etish uchun vazirlar darajasida Turkiy ekologiya kengashini tuzish va mazkur tuzilma qarorgohini ekologik ofatdan eng ko‘p zarar ko‘rgan hudud – Orolbo‘yidagi yirik shahar Nukusda joylashtirish taklifini ilgari surdi.

TDTga a’zo davlatlar bilan samarali hamkorlik

O‘zbekiston TDTga a’zo davlatlar bilan ekologiya sohasida ham faol va samarali hamkorlik o‘rnatgan.

O‘zbekiston va Ozarbayjon: 2008 yil 11 sentyabrda Boku shahrida ekologiya sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi Bitim imzolangan bo‘lib, ikki davlat vakillari turli uchrashuvlar, xalqaro konferensiya va tadbirlar doirasida ikki va ko‘p tomonlama asosda o‘zaro tajriba va axborot almashmoqda. Xususan, 2023 yil 9 dekabrda BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha doiraviy konvensiyasi (COP28) ishtirokchilarining 28-konferensiyasida Ozarbayjon Respublikasi milliy pavilyonida IHT mintaqasida resurslardan samarali foydalanish, barqaror rivojlanish va aylanma iqtisodiyotga o‘tishni jadallashtirish masalalariga e’tibor qaratildi.

O‘zbekiston va Qirg‘iz Respublikasi: 1996 yil 24 dekabrda ekologiya va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi hukumatlararo bitim imzolangan. Ikki mamlakat sohaga oid konferensiyalar, forumlar, seminar va treninglarda doimiy ishtirok etib kelmoqda. Xususan, O‘zbekiston tomoni 2022 yil 21-22 oktyabr kunlari Bishkek shahrida Qor qoploni va uning ekotizimlarini saqlash bo‘yicha global dastur (GSLEP) boshqaruv qo‘mitasining 7-yig‘ilishi, 2023 yil 4-6 iyul kunlari bo‘lib o‘tgan «Yovvoyi hayvonlarning noqonuniy savdosi – tadqiqot natijalari, huquqiy tahlil va ilg‘or tajriba» mavzusidagi hududiy seminar hamda 2024 yil 15-17 may kunlari o‘tkazilgan BMT UNFCCC shartlari, tartiblari va yo‘riqnomalariga muvofiq ikki yillik shaffoflik hisobotlarini tayyorlash bo‘yicha Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun mintaqaviy trening seminarida faol ishtirok etdi.

O‘zbekiston va Qozog‘iston: 1997 yil 2 iyunda Atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasida hamkorlik, 2022 yil 22 dekabrda esa ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi hukumatlararo bitim imzolangan. Ayni damda Sirdaryo havzasida atrof-muhitni muhofaza qilish va suv sifati bo‘yicha O‘zbekiston-Qozog‘iston qo‘shma ishchi guruhi faoliyat ko‘rsatmoqda.

2023 yilning 2-3 iyun kunlari O‘zbekiston delegasiyasi Ostonada bo‘lib o‘tgan «ECO-JER: Carbon Neutrality Pathways» 3-xalqaro kongressida, 4-5 sentyabr kunlari esa Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasining Barqaror rivojlanish bo‘yicha davlatlararo komissiyasi yig‘ilishida ishtirok etdi. 2024 yil fevral oyida Samarqand shahrida CMS COP-14 doirasida O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida Ustyurt platosida hayvonot dunyosini saqlash bo‘yicha hamkorlik memorandumi imzolandi.

O‘zbekiston va Turkiya: 2018 yilda Turkiya Qishloq va o‘rmon xo‘jaligi vazirligi bilan o‘rmon xo‘jaligi sohasida shartnoma imzolanib, o‘tgan 6 yil davomida 60 ga yaqin mutaxassislarimiz Turkiyada o‘tkazilgan konferensiya, seminar va tajriba almashish kurslarida qatnashdi. Bundan tashqari, Turkiya O‘zbekistonning tog‘li hududlaridagi to‘g‘on va suv omborlari atrofidagi o‘rmonlar, shaharlar atrofidagi yashil o‘rmonlar ekish uchun yer tayyorlashda ham amaliy yordam ko‘rsatdi. So‘nggi to‘rt yil davomida 40 ga yaqin turkiyalik mutaxassis mamlakatimizga tashrif buyurib, tajriba almashdi. 2024-2025 yillarda esa Turkiyaga 30 ga yaqin mutaxassis tashrif buyurishi va o‘rmon xo‘jaligi bo‘yicha tajriba almashishi kutilmoqda.

O‘zbekiston va Turkmaniston: 2017 yil 20 mayda atrof-muhitni muhofaza qilish va barqaror rivojlanish sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim, 2021 yil 5 oktyabrda esa transchegaraviy kontekstda biologik xilma-xillikni saqlash bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolangan. O‘zbekiston delegasiyasi 2023 yil 10 martda Ashxobodda bo‘lib o‘tgan «Iqlim o‘zgarishi sharoitida oziq-ovqat xavfsizligi sohasida hamkorlik» xalqaro konferensiyasi, «Afg‘on inqirozi sharoitida Markaziy Osiyoda energiya hamkorligi va tabiiy resurslarni boshqarish: oldinga yo‘l» mintaqaviy seminari, YXHT Bosh kotibi va Markaziy Osiyo mamlakatlari atrof-muhit vazirlarining 2024 yil 4 martdagi uchrashuvida ishtirok etdi. Shuningdek, 2023 yilning 10–25 sentyabr kunlari Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida bo‘lib o‘tgan YUNESKO Umumjahon merosi qo‘mitasining 45-kengaytirilgan yig‘ilishida «Mo‘’tadil mintaqadagi Turon cho‘llari» transchegaraviy tabiat ob’ekti YUNESKOning Umumjahon tabiiy merosi ob’ektlari ro‘yxatiga kiritildi.

Ayni paytda GIZning «Amudaryoning quyi oqimida yerdan foydalanish va ekotizimlarni saqlashga ekotizimli yondashuv» loyihasi doirasida Amudaryoning biologik xilma-xilligini saqlash va qirg‘oq ekotizimlarining barqarorligini ta’minlash bo‘yicha tajriba almashish bo‘yicha hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Qolaversa, Turkmaniston bilan chegaradagi muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni boshqarish sohasida transchegaraviy hamkorlikni mustahkamlash va Ko‘hitangni YUNESKO Butunjahon tabiiy merosi ro‘yxatiga kiritish uchun transchegaraviy nominasiya faylini ishlab chiqish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Ko‘p tomonlama hamkorlik istiqbollari

— 2019 yilda Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasida YUNESKOning Butunjahon tabiiy merosi ro‘yxatiga kiritilgan G‘arbiy Tyan-Shan seriyali transchegarasini boshqarish va muhofaza qilish bo‘yicha memorandum, 2021 yilning 10 noyabr kuni esa Glazgoda G‘arbiy Tyan-Shan va Pomir-Oloyda qor qoplonini saqlash, uni oziq-ovqat bilan ta’minlash va yashash muhitini ta’minlash bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

Markaziy Osiyo davlatlarining Qo‘shma bayonoti ishlab chiqildi va 2023 yilning noyabr-dekabr oylarida Dubayda (BAA) bo‘lib o‘tgan Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha BMT doiraviy konvensiyasi ishtirokchilari konferensiyasining 28-sessiyasida taqdim etildi.

— 2024 yilning 10 fevral kuni Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston atrof-muhit vazirlari yurtimizda ochilgan Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti (“Green University”) ochilish marosimida ishtirok etdi.

— 2024 yil fevral oyida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan COP-14 davomida Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston Afrika va Yevroosiyoda yirtqich qushlarning ko‘chmanchi turlarini saqlash bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumiga qo‘shildi.

Xulosa o‘rnida shuni alohida ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Turkiy davlatlar tashkiloti bilan barcha sohalarda bo‘lgani kabi ekologiya borasida ham hamkorlikni yanada mustahkamlash, tashkilotga a’zo davlatlarga birdek daxldor bo‘lgan dolzarb ekologik masalalarga yechim izlashda faollik ko‘rsatishda davom etadi.

Kiritildi: 15:08 06.11.2024. O'qildi: 1215 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!