Bugun 4 aprel, 2026 yil, shanba

КИР

Turkiston shahri tinchlik muzokarasi uchun maydon sifatida taklif etildi

Turkiston shahri tinchlik muzokarasi uchun maydon sifatida taklif etildi

Saudiya Arabistoni podshohligi Qozog‘iston rahbariyatining Turkiston shahrida tinchlik muzokaralarini o‘tkazish tashabbusini dolzarb deb hisoblaydi.

Oqo‘rda matbuot xizmati xabar berishicha, bu masala Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev hamda Saudiya Arabistonining Ostonadagi elchisi Faysal al-Qahtoniy uchrashuvida tilga olingan.

Q.To‘qayev Qozog‘iston Saudiya Arabistoni bilan hamkorlikni har tomonlama mustahkamlashga katta ahamiyat berishini ta’kidlab, valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon Ol Saud global miqyosda nufuzli yetakchi ekanini qayd etgan.

O‘z navbatida, Saudiya elchisi Faysal al-Qahtoniy Riyoz Ostona bilan strategik sheriklikni yanada chuqurlashtirishga tayyorligini bildirgan.

Bundan tashqari, diplomat Yaqin Sharqdagi murakkab vaziyat munosabati bilan Qozog‘iston prezidenti tomonidan Saudiya Arabistoni rahbariyatiga ko‘rsatilgan har tomonlama dastak uchun samimiy minnatdorlik izhor etgan.

Q.To‘qayev mintaqa barqarorligi va xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan sa’y-harakatlarga ko‘makda davom etishga tayyorligini ma’lum qilgan.

AQSh va Isroil tomonidan Eronga qarshi olib borilayotgan urush fonida Ko‘rfaz arab davlatlarining barqarorligi ham muhim masalaga aylandi. Bu borada ikki muqaddas masjid joylashgan, Islom dinining beshigi sanalgan Saudiya Arabistoni xavfsizligi ham alohida o‘rin tutadi.

Avval xabar berganimizdek, bir necha kun avval O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham Saudiya Arabistoni podshohligi valiahdi Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan telefon orqali muloqot qilgan edi. Yaqin Sharq mintaqasida kuzatilayotgan keskin vaziyat muhokama qilingan so‘zlashuvda qarama-qarshiliklarni bartaraf etish zarurligi ta’kidlangandi.

Kiritildi: 21:51 03.04.2026. O'qildi: 295 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!