Qozog‘iston Prezidenti Ukrainadagi urush kuchaygani munosabati bilan qo‘lostidagilarga shoshilinch topshiriq berdi. Bu haqda Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Prezident Qosim-Jomart To‘qayev Ukraina atrofidagi vaziyatning keskinlashishi sababli mamlakat Bosh vaziriga, Prezident Administrasiyasi, kuch tuzilmalarining rahbarlariga va barcha hokimlarga asosiy harbiy va fuqarolik ob’ektlarining xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha shoshilinch choralar ko‘rishni topshirgan.
“Parlament palatalari raislari qabul qilinayotgan chora-tadbirlar haqida xabardor qilindi. Prezident mamlakatdagi vaziyatni o‘z nazoratiga oldi. Bizning davlatimiz uchun asosiy strategik maqsad – barqarorlikni, tinchlikni, qonun ustuvorligini va tartibni saqlashdir. Qozog‘iston bir necha bor ikki slavyan xalqi o‘rtasidagi nizoni muzokaralar orqali hal qilish kerakligini ta’kidlagan edi”, deydi Prezident matbuot kotibi Berik Uali o‘zining Facebook sahifasida.