AQSh prezidenti Donald Tramp o‘zining reytingini “eng yuqori darajada” deb ta’kidladi va ommaviy axborot vositalarini uning mashhurligini ataylab kamsitishda aybladi. U Truth Social'da ayrim so‘rovnomalar 60–70 foiz qo‘llab-quvvatlashni ko‘rsatayotganini bildirib, tanqidiy materiallarni “feyk nyus” deb atadi.
Biroq Pew Research Center tomonidan 4–10 avgust kunlari o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, Trampning ma’qullash reytingi 38% ni tashkil etgan — bu fevralga nisbatan 9 punktga kam. Norozilik darajasi esa 60% ga yetgan.
The New York Times ma’lumotlariga ko‘ra, 15 ta so‘rov markazi natijalari bo‘yicha Trampning umumiy qo‘llab-quvvatlash ko‘rsatkichi 44% atrofida.
Qo‘llab-quvvatlashning pasayishi, hatto uni 2024 yilgi saylovda tanlagan saylovchilar orasida ham kuzatilgan — avval 95% bo‘lgan ko‘rsatkich hozir 85% ga tushgan.
Mutaxassislar reyting tushishini yangi tarif siyosatlari va “Katta qonun loyihasi”ga nisbatan salbiy munosabat bilan bog‘lashmoqda. Pew ma’lumotlariga ko‘ra, amerikaliklarning 61% tarifikasiya siyosatini qo‘llab-quvvatlamaydi.
Trampning OAV bilan ziddiyati davom etmoqda. U ko‘plab yirik nashrlarni og‘ir tanqid qilib, ayrim telekompaniyalarga lisenziyalar bekor qilinishi bilan tahdid qilgan.
Siyosiy tahlilchi Neyt Silverning ta’kidlashicha, Trampning “chistiy” reytingi yoz davomida muntazam pasaygan va hozirda –8 punkt atrofida. Unga ko‘ra, Putin va Zelenskiy bilan uchrashuvlar, hamda tariflarning ta’siri reytingga yana ta’sir ko‘rsatishi mumkin.