AQSh prezidenti Donald Tramp Yaponiyani Amerika guruchini xarid qilmayotganlikda ayblab, Tokioni o‘n yilliklar davomida AQSh iqtisodiyotini «talon-toroj qilish» orqali «erkalatilgan» davlat deb atadi.
«Biz Yaponiya bilan kelishuv tuzamizmi, yo‘qmi — ishonchim yo‘q», — dedi u jurnalistlarga. «Ular shunday erkalatilganki, kelishuvga borish ular uchun qiyin», — deya qo‘shimcha qildi Tramp.
Uning ta’kidlashicha, Yaponiya guruchga «juda muhtoj», biroq Amerika guruchini «olmayapti», hamda so‘nggi o‘n yilda birorta ham AQSh avtomobilini xarid qilmagan.
Biroq CNN telekanali Trampning ayblovlari haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini qayd etmoqda: AQSh Mahsulotlar statistikasi byurosi ma’lumotiga ko‘ra, 2024 yili Yaponiya AQShdan 298 million dollarlik guruch, 2025 yilning yanvar–aprel oylarida esa 114 million dollarlik guruch import qilgan. Shuningdek, Yaponiya Avtomobil importchilari uyushmasiga ko‘ra, 2024 yili Yaponiya 16 707 ta AQSh avtomobilini olib kirgan.
Tramp 2 aprelda joriy etgan o‘zaro tariflarga 90 kunlik tanaffus 9 iyulda yakunlanishi arafasida Yaponiya AQSh bilan savdo kelishuviga erishishga intilmoqda. Biroq muzokaralar to‘xtab qolgan, ayniqsa yapon avtomobillariga 25% boj yuklatilishi masalasida kelishuvga erishilmagan.
Tramp tanaffusni uzaytirishni rejalashtirmayotganini tasdiqladi: «Men hech qanday tanaffus haqida o‘ylayotganim yo‘q», — dedi u va Yaponiya uchun 30%, 35% yoki boshqa raqamlarda yangi tariflar joriy etilishidan ogohlantirdi.
Yaponiya Vazirlar Mahkamasi Bosh kotibining o‘rinbosari Kadzuxiko Aoki chorshanba kuni bildirishicha, Tokio Trampning bayonotlaridan xabardor, ammo o‘zaro manfaatli kelishuvga erishish uchun «samimiy va ochiq muzokaralar»ni davom ettiradi.
Joriy yil iyun oyidagi G7 sammitida Yaponiya bosh vaziri Shigeru Isiba va Tramp o‘rtasidagi uchrashuv jiddiy ildamlashuvga olib kelmadi, garchi tomonlar muzokaralarni davom ettirish niyatini bildirishgan bo‘lsa-da.