Bugun 8 iyun, 2026 yil, dushanba

КИР

Tramp yangi global savdo urushiga tayyorgarlik ko‘rmoqda

Tramp yangi global savdo urushiga tayyorgarlik ko‘rmoqda

AQSh prezidenti Donald Tramp butun dunyo bilan yangi savdo qarama-qarshiligini boshlashga tayyorlanmoqda. Bu safar Vashington import tovarlariga qo‘shimcha bojlar joriy etishni amerikalik ishchilar manfaatlarini himoya qilish zarurati bilan izohlamoqda.

Tramp birinchi prezidentlik davrida ham Xitoy, Yevropa Ittifoqi, Kanada va Meksikaga qarshi keng ko‘lamli tariflar siyosati yuritgan edi. Biroq ko‘plab iqtisodchilarning baholashicha, ushbu choralar kutilgan natijani bermagan va asosiy xarajatlarni amerikalik iste’molchilar hamda kompaniyalar ko‘targan.

Oradan bir yildan ko‘proq vaqt o‘tib, Tramp Oq uyga qaytgach, yana savdo bosimini kuchaytirishga kirishdi. Ammo fevral oyida AQSh Oliy sudi uning favqulodda holat bahonasida joriy qilgan tariflarining katta qismini qonunga zid deb topdi.

Sud qaroriga qaramasdan, Tramp import mahsulotlariga 10 foizlik qo‘shimcha tarif joriy qildi. Bu qaror to‘lov balansidagi favqulodda vaziyat bilan asoslandi, ammo iqtisodchilar bunday izohni asossiz deb baholashdi.

Amaldagi qonunlarga ko‘ra, mazkur tariflar faqat cheklangan muddat davomida saqlanib qolishi mumkin. Shu sababli Tramp ma’muriyati yangi huquqiy asoslar izlashga kirishgan.

Oq uyning yangi argumentiga ko‘ra, ko‘plab davlatlar mehnat huquqlarini yetarlicha himoya qilmayapti va ishchilar ekspluatasiyasiga qarshi kurashda samarali choralar ko‘rmayapti. AQSh qonunchiligida esa mehnat huquqlarining buzilishiga qarshi chora sifatida import bojlarini oshirish imkoniyati mavjud.

Tramp ma’muriyatining fikricha, bu nafaqat amerikalik ishchilarni himoya qilish, balki ishlab chiqarishni AQShga qaytarishga ham xizmat qiladi.

Tanqidchilar esa bunday siyosat yangi savdo mojarolariga, tovarlar narxining oshishiga va xalqaro iqtisodiy munosabatlarning yanada keskinlashishiga olib kelishi mumkinligini ta’kidlamoqda. Shu bois, kelasi oylarda Vashingtonning yangi tarif tashabbuslari jahon iqtisodiyotida muhim mavzulardan biri bo‘lib qolishi kutilmoqda.

Kiritildi: 21:34 07.06.2026. O'qildi: 232 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!