Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy va AQSh prezidenti Donald Tramp 22 sentyabr kuni Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasi doirasida uchrashishi rejalashtirilgan. Bu haqda uchrashuv rejalaridan xabardor manba DW nashriga ma’lum qilgan.
Manbaga ko‘ra, muzokaralar mahalliy vaqt bilan kunning birinchi yarmida boshlanishi kutilmoqda.
Zelenskiy uchrashuvdan bir kun oldin Tramp bilan telefon orqali suhbatlashganidan so‘ng bo‘lajak muzokaralar haqida ma’lum qilgan. Ukraina prezidentining aytishicha, bu uchrashuv urush bilan bog‘liq vaziyatning keyingi rivojiga ta’sir qilishi mumkin.
Zelenskiy, shuningdek, Ukraina deeskalasiyaga tayyorligini, ammo buning uchun Rossiya Ukraina energetika infratuzilmasiga hujumlarni to‘xtatishi kerakligini bildirgan. U Kiyev Rossiyadagi neftni qayta ishlash ob’ektlariga zarbalar berishdan bir tomonlama voz kechishga tayyor emasligini ta’kidlagan.
BMT Bosh Assambleyasi doirasida tomonlar urushni diplomatik yo‘l bilan tugatish imkoniyatlarini ham muhokama qilishi kutilmoqda.