AQSh Prezidenti Donald Tramp raketalarga qarshi mudofaa tizimi – «Oltin gumbaz» loyihasini yaratish rejalarini e’lon qildi. Uning aytishicha, ushbu tizim prezidentlik muddati yakunlanguniga qadar ishga tushiriladi, deb xabar beradi The New York Times.
Tramp prezidentlik lavozimiga kirishgan paytdan beri «Oltin gumbaz» loyihasini ustuvor yo‘nalish deb hisoblab keladi. Saylovoldi kampaniyasi davomida u Isroilning raketa va snaryadlarni yo‘q qilishga mo‘ljallangan «Temir gumbazi»ga o‘xshash tashqi tahdidlardan himoya qilish tizimini yaratishni va’da qilgan edi.
Trampning baholashicha, loyiha taxminan 175 milliard dollarga tushadi. Ammo Kongressning byudjet boshqarmasi ushbu raketaga qarshi mudofaa tizimi ancha qimmat – 542 milliard dollargacha bo‘lishi mumkinligini qayd etgan.
Tramp seshanba kuni ma’lum qilishicha, «Oltin gumbaz» loyihasiga uning soliq va xarajatlarni qisqartirishga qaratilgan qonuni orqali 25 milliard dollar ajratiladi. Bu qonun hali Kongress tomonidan tasdiqlanishi kerak. Shuningdek, Kanada mazkur dasturda ishtirok etishga qiziqish bildirgan va tizim xarajatlarining bir qismini o‘z zimmasiga olishi mumkin.
Tramp AQSh ushbu loyihani taxminan uch yil ichida amalga oshirishi va prezidentlik muddati tugaguniga qadar to‘liq quvvatda ishga tushirishga erishishiga ishonch bildirdi.
«Oltin gumbaz» to‘liq qurib bitkazilgandan so‘ng, u hatto dunyoning istalgan nuqtasidan, hatto fazodan otilgan raketalarni ham yo‘q qila oladi. Bu tarixdagi eng kuchli mudofaa tizimi bo‘ladi”, – dedi Donald Tramp.
Tramp, shuningdek, loyihani AQSh Kosmik kuchlari rahbarining o‘rinbosari general Maykl Getleyn nazorat qilishi haqida ma’lum qildi.
Tramp yanvarda «Amerika Temir gumbazi» nomli farmonni imzolagan edi. Unda Pentagonga 60 kun ichida loyihaning batafsil rejasini taqdim etish vazifasi yuklatilgan. Reja Amerika gipertovushli raketalari va «fazoviy to‘sqinlik vositalari»ni yaratishni ham o‘z ichiga oladi.
Ushbu loyiha Trampga sobiq prezident Ronald Reyganning orzusini ro‘yobga chiqarish imkonini beradi. Reygan 1980 yillarda ehtimoliy yadroviy hujumga qarshi kurashish uchun milliardlab mablag‘ni «Yulduzli urushlar» deb nomlangan mudofaa tizimiga sarflagan, biroq loyiha texnologik va moliyaviy muammolar tufayli amalga oshmay qolgan edi.