AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp o‘zining Truth ijtimoiy platformasida yanglishib Ilon Maskga shaxsiy xabarni joylashtirdi. Unda u shunday deb yozgan: “Qayerdasiz? Biz sizni va X-ni sog‘indik!”.
Xabarda aytilishicha, Tramp Maskni Mar-a-Lagodagi mulkidagi Yangi yil kechasiga taklif qilgan va bu joyni “koinot markazi” deb atagan.
Tramp o‘z postida, shuningdek, Bill Geyts go‘yoki bayramga kelish istagini bildirganini, biroq bu haqda hozircha hech qanday tasdiq yo‘qligini aytdi. CNN ma’lumotlariga ko‘ra, Geyts haqiqatdan ham Tramp bilan uchrashish imkoniyatidan manfaatdor bo‘lgan, biroq aniq rejalar hozircha ma’lum emas.
Trampning Mask bilan munosabatlari so‘nggi paytlarda ko‘proq muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Mask Trampning saylovoldi kampaniyasini katta xayriyalar bilan qo‘llab-quvvatladi va ba’zi Amerika OAVlari yozganidek, buning uchun yangi ma’muriyatda o‘rin oldi – u davlat xarajatlarini qisqartirish bo‘yicha komissiyani boshqaradi.
Tanqidchilar Maskning Oq uyga ta’siridan xavotirda, biroq Tramp bu xavotirlarni rad etadi.
"Yo‘q, u prezident bo‘lmaydi, chunki u bu mamlakatda tug‘ilmagan", dedi Tramp Maskning janubiy afrikalik kelib chiqishiga ishora qilib.