AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiya prezidenti Vladimir Putinga mojaroga barham berish uchun muddat belgilaganini aytdi. Biroq, u masalaning "diplomatik nozikligi"ni hisobga olib, aniq sanani aytmadi.
Salvador prezidenti Nayib Bukele bilan uchrashuvda Amerika prezidenti shunday dedi: "Men Putinga o‘t ochishni to‘xtatish muddatini belgilab qo‘ydim".
U o‘z nutqida AQShning sobiq prezidenti Jo Bayden va Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyni mojaro boshlanishida aybdor deb atadi. Shu bilan birga, janob Tramp Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi jangovar harakatlarni tugatish bo‘yicha "juda yaxshi takliflar" kutayotganini ta’kidladi.
Bloomberg va The Economist nashrlarining xabar berishicha, AQSh kelishuvni 20 aprelgacha, pravoslav va katoliklarning Pasxa kuni yoki 30 aprelgacha, Donald Trampning prezidentlik lavozimiga kirishganiga 100 kun to‘lishi munosabati bilan tuzishga umid qilmoqda. O‘tgan hafta janob Tramp Ukrainadagi janglar "mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi" va Rossiya o‘t ochishni to‘xtatishga harakat qilishi kerakligini aytdi.