AQSh prezidenti Donald Tramp mamlakat iqtisodiyotini tezroq ochishga undamoqda. Ko‘plab shtatlarda sekin-asta bizneslarni ochish va cheklovlarni yengillatish bo‘yicha allaqachon choralar ko‘rish boshlangan.
Ammo iqtisodiyotni ochish uchun Oq uy tomonidan qo‘yilgan shartlar ko‘p shtatlarda hali bajarilmagan. «Blumberg»ning yozishicha, kamida 10 ta shtat virusga chalinganlar sonining 14 kun davomida muntazam kamayib borishi, kasalxonalarning zo‘riqishsiz ishlashi kabi asosiy talablar bajarilmasdan turib iqtisodiyotni ochishga qaror qilgan. Mamlakatda jami 22 shtatda esa har kuni koronavirusga chalingan kasallar soni oshishda davom etmoqda.
Texas, Alabama, Jorjiya kabi respublikachilar hukmron shtatlarda, ayniqsa, bizneslarni ochish harakatlari allaqachon boshlangan.
AQShda eng muhim masala – bu iqtisodiyot. Cheklovlar qancha uzoq davom etsa, mamlakat iqtisodiyoti shuncha orqaga ketadi. Bu esa prezident Trampning shu yil noyabrda qayta saylanish imkoniyatlarini kamaytiradi. AQSh tarixida yomon iqtisodiy ko‘rsatkichlar bilan qayta saylangan prezident bo‘lmagan.
Tramp, shubhasiz, shunday shaxs sifatida tarixga kirishni xohlamaydi, deya yozadi AQShda yashaydigan bloger Behzod Mamadiyev.