Tramp ma’muriyati 29 ta davlatdagi elchilarni chaqirib olmoqda, ular Bayden davrida tayinlangan edi — Associated Press.
Agentlikning AQSh Davlat departamentidagi manbalariga tayanib xabar berishicha, o‘tgan hafta Tramp ma’muriyati kamida 29 ta davlatdagi elchilarini vakolat muddati yanvarda tugashi haqida ogohlantirgan.
Bu davlatlar qatorida 13 ta Afrika davlati, Osiyo-Tinch okeani mintaqasidan oltita (jumladan, Filippin va Vyetnam), Yevropa qit’asidan to‘rtta (Armaniston, Makedoniya, Chernogoriya va Slovakiya), shuningdek, Jazoir, Misr, Nepal, Shri-Lanka, Gvatemala va Surinam bor.
"Lavozimidan ozod etilayotgan diplomatlar Jo Bayden ma’muriyati davrida tayinlangan edi. Ularning o‘rnini Trampning ustuvor yo‘nalishlari hamda uning “America First” (“Amerika birinchi navbatda”) g‘oyasini qo‘llab-quvvatlaydigan xodimlar egallashi kutilmoqda", deya yozadi Associated Press.
Politico nashri esa bu qadamni "noodatiy" deb atamoqda. Odatda yangi kelgan prezidentlar elchilarni almashtirsa-da, kareraviy diplomatlarga o‘z ishini davom ettirishga imkon berilar edi. Biroq bu gal Tramp ma’muriyati boshqacha yo‘l tutishga qaror qilgan.