AQSh prezidenti Donald Tramp muzokaralar jarayonidan norozilik bildirgan holda Eronga qarshi keyingi zarbalar berishga moyil.
Bu haqda Axios nashri manbalarga tayanib xabar bermoqda.
Manbalarga ko‘ra, Amerika yetakchisi juma kuni ertalab AQSh vise-prezidenti Jey Di Vens, Pentagon kotibi Pit Xegset, Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Jon Retkliff va boshqa ma’muriyat rasmiylari bilan uchrashuv o‘tkazgan. Uchrashuv davomida Trampga muzokaralar jarayoni va ular muvaffaqiyasiz tugagan taqdirda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ssenariylar haqida ma’lumot berildi.
Manbaga ko‘ra, AQSh prezidenti so‘nggi kunlarda "muzokaralar jarayonidan tobora ko‘proq norozi bo‘lib bormoqda".
Axios nashri xabariga ko‘ra, seshanba kuni Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyaxu bilan telefon orqali suhbat chog‘ida Tramp "diplomatiyaga yana bir imkoniyat berishga" tayyorligini bildirgan, ammo payshanba kuni kechqurun u zarba berishga moyil bo‘lgan.
"Trampga yaqin manbaning aytishicha, prezident yakuniy, "hal qiluvchi" yirik harbiy operasiya ehtimoli haqida gapirgan, shundan so‘ng u g‘alabani e’lon qilishi va urushni tugatishi mumkin", deb yozadi portal.
Axios manbalariga ko‘ra, Tramp "keyingi zarbalarni jiddiy ko‘rib chiqmoqda", bu esa so‘nggi daqiqada diplomatik yutuq ehtimolini istisno qilishi mumkin.