Bugun 2 may, 2024 yil, payshanba

КИР

Toshkentda ilk bor ikki qadimiy Qur’on qo‘lyozmalari namoyish etiladi

Toshkentda ilk bor ikki qadimiy Qur’on qo‘lyozmalari namoyish etiladi

“O‘zbekiston – buyuk yo‘llar va tamaddunlar chorrahasi: imperiyalar, dinlar, madaniyatlar“ madaniy meros haftaligi qatnashchilari 23 avgustda O‘zbekistondagi islom sivilizasiyasi markaziga tashrif buyuradi. Shu kuni mehmonlar O‘zbekiston Musulmonlari idorasida ham bo‘lib, dunyodagi ilk Qur’on qo‘lyozmalari – Usmon Qur’oni, Katta Langar Qur’oni nusxalarini ko‘rishga muvaffaq bo‘ladi.

Usmon Qur’oni tug‘ilmagan buzoq terisiga bitilgan bo‘lib, muqaddas kitobning ilk qo‘lyozmasi sanaladi. Barcha musulmon olami vakillari uchun tabarruk bo‘lgan nodir qo‘lyozmani ko‘rish uchun har yili Toshkentga ko‘plab mamlakatlardan minglab sayyohlar tashrif buyuradi.

Mashhur Katta Langar Qur’oni islom dini va barcha musulmonlar uchun olamshumul ahamiyatga ega. Bu qadimiy kitob butun insoniyatning merosi hisoblanuvchi madaniy va tarixiy boyliklar qatoriga kiritilgan.

Ekspertlarning fikricha, Katta Langar Qur’oni qo‘lyozmasining umumiy hajmi 206 sahifa bo‘lib, bugungi kungacha undan deyarli yarmi – 97 sahifasi saqlanib qolgan. Qur’on sahifalarining 81 varag‘i Rossiyaga olib ketilgan va hozirda Rossiya Fanlar akademiyasining Qo‘lyozmalar institutida saqlanmoqda. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra qo‘lyozmaning 16 varag‘i O‘zbekistonda saqlanadi. Ayni vaqtda bu nodir qo‘lyozmaning qolgan sahifalari taqdiri noma’lumligicha qolmoqda.

Shu munosabat bilan O‘zEOAVMA “Sevimli TV” telekanali hamda “Bi-Bi-Si” o‘zbek xizmati bilan hamkorlikda afsonaviy Qur’onning yo‘qolgan sahifalarini izlab topishga qaratilgan loyihani amalga oshirmoqda. Bu borada “Katta Langar Qur’oni: afsona va haqiqatlar” mavzuida hujjatli film ham tasvirga olindi. Uni tasvirga olish ishlari Toshkent, Buxoro, Samarqand, Qashqadaryo viloyatlari hamda Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida olib borildi. Film lavhalari Qur’on sahifalarining asosiy qismi qanday qilib Sankt-Peterburgga borib qolgani bilan bog‘liq tarixiy haqiqatlarni ochib beradi. Hujjatli filmda Arablar qishlog‘ida yashovchi oqsoqollar va mahalliy aholi xotiralari, Katta Langar Qur’oni bilan bog‘liq afsona va haqiqatlar hikoya qilinadi.

Loyiha doirasida 30 ta 15 daqiqalik film tasvirga olingan. Bu film joriy yil Ramazon oyida “Sevimli” telekanalida va “Bi-Bi-Si” o‘zbek xizmati veb-saytlarida tomoshabinlar e’tiboriga havola qilindi.

Islom sivilizasiyasi markazi o‘z mohiyatiga ko‘ra Markaziy Osiyoda yagona hisoblanadi. Markazning yangi binosi va ilmiy majmuaning qurilishi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga binoan 2017 yil dekabr oyida boshlangan.

Markaz oldiga qo‘yilgan vazifalardan kelib chiqib, uning tarkibida akademiya, islom san’ati muzeyi, mamlakatimizda va xorijda saqlanayotgan qadimgi noyob qo‘lyozmalar, litografik kitoblar, buyuk allomalar va din arboblari qoldirgan tarixiy hujjatlar, shuningdek, ushbu yo‘nalishdagi zamonaviy ilmiy tadqiqotlar bilan boyitiladigan fond bo‘lishi nazarda tutilgan.

Kiritildi: 22:15 14.08.2019. O'qildi: 1814 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!