Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida kichik yoshdagi qiz onasi tomonidan kaltaklanishi oqibatida vafot etdi. Bu haqda bolalar ombusdmani matbuot xizmati xabar qildi.
Qayd etilishicha, 23 dekabr kuni tuman tibbiyot birlashmasiga 4 yoshli qiz Y.M. tanasidagi turli jarohatlar bilan qabul qilingan. O‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda qizni 47 yoshli onasi E.Y. qattiq kaltaklab, tan jaroxati yetkazgani aniqlangan.
27 dekabr kuni holat yuzasidan Chirchiq shahar IIB tomonidan ayolga nisbatan Jinoyat kodeksining 126−1-moddasi 7-qismi «b» bandi (Voyaga yetmagan shaxsga nisbatan oiladagi (maishiy) zo‘ravonlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Tibbiy xulosaga ko‘ra, bolada bosh miya yopiq jaroxati, bosh miya lat yeyishi og‘ir darajasi va bosh sohasidagi boshqa og‘ir jarohatlar qayd etilgan. Biroq ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan qiz 7 yanvar kuni vafot etgan.
«Tergov vaqtida jinoyat natijasidagi oqibatning o‘zgargani, ya’ni jabrlanuvchi o‘limi jinoyatga huquqiy baho berishga bevosita ta’sir qiladi — ayblovni og‘irroq jazoni ko‘zda tutuvchi qismga qayta malakalash lozim bo‘ladi. Bu endi tergov tomonidan amalga oshiriladi», — deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, endilikda Jinoyat kodeksining 126−1-moddasi jinoyati bo‘yicha jabrlanuvchilar doirasiga bolalar ham kiradi.
Ish yuzasidan yakuniy qarorni esa sud beradi.