Toshkentning Sharof Rashidov ko‘chasidagi (Mustaqillik maydoni yonida) ma’muriy bino rekonstruksiyasi va favvora ostiga avtoturargoh qurilishiga 431,5 mlrd so‘m sarflanishi mumkin. Pudratchi sifatida aksionerlari orasida qurilish vazirining o‘g‘li va rafiqasi bo‘lgan «12-trest» tanlanmoqda.
Toshkentning Yunusobod tumani Sharof Rashidov ko‘chasi 5-uyda joylashgan ma’muriy binoni rekonstruksiya qilish hamda favvora ostiga avtoturargoh qurishga 431,5 mlrd so‘m (O‘zbekiston Markaziy bankining 12 apreldagi kursi bo‘yicha taxminan 41,1 mln dollar) sarflanishi mumkin. «Gazeta.uz» davlat xaridlari portalida e’lon qilingan bu haqdagi ma’lumotlarga e’tibor qaratdi.
Portal ma’lumotlariga ko‘ra, Toshkent shahar hokimligi huzuridagi «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasi 2019 yil 9 iyulda «12-trest» AJ bilan shartnoma tuzgan. O‘sha vaqtda shartnoma qiymati 207,82 mlrd so‘m deb belgilangan. Loyihani 2020 yil 31 dekabrgacha yakunlash, uni amalga oshirishni to‘liq davlat byudjeti hisobidan moliyalashtirish rejalashtirilgan edi.
Avtoturargoh qurilishi rejalashtirilayotgan favvora. Bir paytlar u Toshkentdagi eng baland va eng mashhur favvora bo‘lgan. So‘nggi yillarda u qurilish ishlari tufayli devor bilan o‘rab qo‘yilgan.
29 mart kuni tomonlar qo‘shimcha bitim imzolagan, unga ko‘ra amalga oshirilishi mo‘ljallangan ishlarning qiymati 431,52 mlrd so‘mgacha ko‘tarildi.
Bundan tashqari, mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, buyurtmachi ikki yil ichida 113,6 milliard so‘mni moliyalashtirgan: 2019 yilda — Moliya vazirligining 18,5 mlrd so‘m va byudjet mablag‘lari hisobidan 42,8 mlrd so‘m, 2020 yilda — 46,2 mlrd o‘m davlat byudjetidan.
2021 yilda 97,89 mlrd so‘mni, qolgan 204,4 mlrd so‘mni esa mablag‘ ajratilishi bilan moliyalashtirish rejalashtirilgan.
2GIS xizmati xaritasida Sharaf Rashidov shoh ko‘chasidagi 5-uy sifatida Mustaqillik maydonidagi Ezgulik arkasi bilan Vazirlar Mahkamasi binosi o‘rtasida joylashgan 14-qavatli ma’muriy bino ko‘rsatilgan. Ilgari unda Moliya vazirligi, Xalq ta’limi va Madaniyat vazirliklari joylashgan edi.
Ushbu binoda qaysi idora yoki vazirlik joylashtirilishi hozircha ma’lum emas. Davlat xaridlari portalida joylashtirilgan hujjatlarga ko‘ra, rekonstruksiya qilishni loyihalashtirish uchun Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 13 apreldagi 307−12-sonli «O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Davlat xavfsizlik xizmati moddiy-texnik bazasini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori (hujjat ochiq manbalarda mavjud emas) asos qilib ko‘rsatilgan.
Manbalar: KTYADR va IDXYAP.
Korxona va tashkilotlarning yagona davlat reestri (KTYADR) ma’lumotlariga ko‘ra, «12-trest» kompaniyasi 1994 yil 7 dekabrda ro‘yxatga olingan. Asosiy faoliyat turi — noturar binolar qurilishi. Rahbar sifatida Fahriddin Nazirov ko‘rsatilgan. Aksionerlar orasida Toshkent hokimligi (51,1%), Muazzam Saidaxmatovna Zakirova (19,1%), Jasur Batirovich Zakirov (14,1%), Muxayo Oktyabrevna Zakirova (13,1%) va yana 12 kishi (2,6%) bor.
«Gazeta.uz»dagi ma’lumotlarga ko‘ra, Jasur Zokirov va Muxayo Zakirova qurilish vaziri Botir Zokirovning o‘g‘li va rafiqasi. Uning o‘zi ham ilgari «12-trest» aksiyadorlari ro‘yxatiga 2019 yil iyul oyida kiritilgan (o‘sha vaqtda u qurilish vazirining birinchi o‘rinbosari, 1996−2011 yillarda — «12-trest» boshqaruv kengashi raisi sifatida ishlagan).
Kompaniyaning tarixi 1979 yilga borib taqaladi, «Glavtashkentstroy» buyrug‘i bilan jamoat ishlarini bajarish uchun 12-sonli qurilish tresti tashkil etilgan. 1994 yilda trest «Trest-12» OAJ etib qayta tashkil etilgan, 2000 yilda esa u mustaqil yuridik shaxsga aylandi. 2017 yilda u MCHJga, 2018 yilda esa yana OAJga aylantirildi.
Spot.uz xabariga ko‘ra, 2018 yil iyul oyida «12-trest» tarkibiga umumiy ishchilari soni 3275 nafarni tashkil etgan 10 ta ixtisoslashtirilgan tarkibiy bo‘linma kirdi. So‘nggi 10 yil ichida bajarilgan ishlar hajmi 800 million dollardan oshdi.
«12-trest» kompaniyasi Vazirlar Mahkamasi binosini (2001), Senat ma’muriyati binosini (2004), Moliya vazirligi binolarini (2005), Singapur menejmentni rivojlantirish institutini (2008), Bunyodkor stadioni (2012), HYATT Regency mehmonxonasi (2016) va boshqalar (kompaniya veb-saytida 2017 yilgacha bo‘lgan loyihalar ro‘yxati) rekonstruksiyasi bilan shug‘ullangan. Barchasi bo‘lib, kompaniya 225 dan ortiq loyihani amalga oshirganligi haqida xabar berilgan.
So‘nggi loyihalar qatorida bosh pudratchi tomonidan tendersiz tanlangan Islom sivilizasiyasi markazi qurilishini ham ko‘rsatish mumkin. Loyihaning 2020 yil oktyabr oyidagi qiymati 988,2 milliard so‘mga baholangan (jumladan tadbirkor Alisher Usmonov hisobidan moliyalashtirilmoqda).