“Tolibon” harakati Rossiya roziligi bilan Belarusdan qurol-yarog‘ va dronlar sotib olmoqda, Hindiston esa bitimlarda vositachilik qilmoqda. Bu haqda Afg‘onistonning besh nafar sobiq yuqori martabali amaldoriga tayanib Afghanistan International xabar berdi.
Ularning ma’lumotlariga ko‘ra, Minsk va “Tolibon” o‘rtasidagi aloqalar may oyi oxiri va iyun oyi boshida Afg‘oniston mudofaa vaziri Muhammad Yoqubning Moskvaga tashrifidan so‘ng faollashgan. Tashrif chog‘ida harbiy-texnikaviy hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolangan. Rossiya tomoniga ko‘ra, hujjat Afg‘onistonda qolgan sovet harbiy texnikasini ta’mirlashni nazarda tutadi.
“Tolibon”ga yaqin bo‘lgan telekanal suhbatdoshi Belarus bilan kelishuvlar mavjudligini tasdiqladi. U hamkorlik Rossiya ishtirokida amalga oshirilayotganini aytdi. Manbalarga ko‘ra, “Tolibon” Pokiston bilan munosabatlar keskinlashgani sababli qurol-yarog‘ va dronlarga qiziqish bildirmoqda.