Ueno hayvonot bog‘iga minglab odamlar mamlakatda qolgan so‘nggi pandalar — Syao-Syao va Ley-Ley bilan xayrlashish uchun tashrif buyuryapti. Egizak pandalar 27 yanvar kuni Xitoyga qaytariladi.
Pandalarni ko‘rish uchun maxsus lotereya o‘tkazilgan bo‘lib, so‘nggi kunlarda ularni kuniga 4,8 ming nafargacha odam tomosha qilgan. Ko‘plab tashrif buyuruvchilar pandalarni ko‘ra olmagan bo‘lsa-da, hayvonot bog‘iga xayrlashuv muhitini his qilish uchun kelgan.
Syao-Syao va Ley-Ley 2021 yilda tug‘ilgan bo‘lib, Ueno bog‘ida tug‘ilgan ilk panda egizaklari hisoblanadi. Ularning ketishidan so‘ng Yaponiya 1972 yildan beri ilk bor o‘z hayvonot bog‘larida pandalarsiz qoladi.