Timatining konsertini ko‘rolmagan haydovchi yoxud aksariyatimiz nega tasviriy san’at asarlariga qiziqmaymiz?
Oybek domlaning “Navoiy” romanida shunday satrlar bor:
“Mirak naqqosh eskigina juzdonini ochib, shogirdining ayrim maxsus qog‘ozlarga solingan rasmlarini bir-bir taqdim eta boshladi. Navoiy birinchi varaqni qo‘liga olib, suratdan ko‘zlarini uzoq vaqt uzmadi. Mirak naqqoshning ta’rificha, qo‘li oltin bolaning chizgani jivir-jivir gullar, barglar, chiziqlar nozikligi, jonliligi betimsol nafosat bilan uning ko‘zlarini, ruhini sehrlagan edi. Navoiy orom va hayajon bilan chuqur nafas oldi. Ikkinchi rasmni ko‘rdi. Ayni shu ruh, lekin yana boyroq, yana nafisroq. Mana, ov tasviri. Ohular go‘yo qog‘ozdan sakrab, o‘ynoqlab ketayotgandek tuyuldi. Unda har bir nuqta ko‘z kabi jonli. Navoiy o‘nga yaqin rasmni benihoya zavq bilan tomosha qildi.
Nihoyat, shoir ko‘zlarida yongan quvonch bilan yosh rassomni tabrikladi.
— Bu ko‘hna jahon, — dedi u shavq bilan, — sizningdek san’atkorni hanuz ko‘rmagan edi. Qalamingizning husni har qanday ta’rifdan benihoya balanddir. Bu kamolotni yanada oliylashtirmoq yo‘lida samimiy harakat qilingiz”.
She’riyat sultoni Hazrat Navoiyni hayratlantirgan o‘sha yosh musavvir Kamoliddin Behzod edi. Adabiyot va san’at daholarining ilk uchrashuvi shunday kechgandi. Navoiy keyinchalik Kamoliddin Behzod ijodi va hayotida mislsiz o‘rin tutdi. Kamoliddin Behzod tasviriy san’atimizning o‘q ildiziga aylandi. Besh asrki, undan dunyo san’ati oziqlanib kelmoqda. Ammo…
Hozir tasviriy san’at degan kalimani eshitgan hamyurtlarimizdan ba’zilarining xayoliga 15 megapikselli kamerada olingan surat yoki Mustaqillik shohko‘chasida qator terib qo‘yilgan va xaridorini intiqlik ila kutayotgan rasmlar kelsa, ajab emas.
Navoiy va Behzod yashagan suronli davrda adabiyot, tasviriy san’at (kitobat san’ati) bir-birini to‘ldirgan holda ravnaq topgan. Afsuski, elektron va audio kitoblar paydo bo‘lgani tufaylimi, bugun biz bu haqiqatni unutdik. Fikrimga qo‘shilmasangiz, ayting-chi, davlatimiz tomonidan ijodkorlar uchun har tomonlama keng shart-sharoitlar va muayyan imtiyozlar yaratib berilayotgan bir paytda fuqarolarimiz, mutasaddi tashkilotlar rassomlarimiz faoliyatiga qay darajada e’tibor qaratishayapti? Siz-chi, siz oxirgi bor qachon tasviriy san’at asarlari ko‘rgazmasiga bordingiz?..
Men yosh san’atshunos sifatida shuni yaxshi bilamanki, har qanday rassom o‘z asarlari ko‘rgazmasini tashkil etish uchun yillab mehnat qiladi. Umrining ne-ne oltin damlarini ranglarga qorishtirib mo‘’jiza yaratadi. Negaki, uning ham xalqqa aytar so‘zlari, gaplari bor. U ham o‘zini shu xalqdan qarzdor farzand deb biladi, bu qarzini samarali ijodi vositasida uzgisi keladi.
Bultur kuzda bir haftalik ajoyib ko‘rgazma o‘tkazildi. Uning dastlabki uch-to‘rt kunida ko‘plab muxlislar tashrif buyurdi, keyin esa keskin ravishda kamayib ketdi. Holbuki, bu ko‘rgazma mahoratli o‘zbek rassomining milliy ruhdagi noyob rasmlarini, jahon miqyosida tan olingan dilbar chizgilarini o‘zida mujassam etgan betakror ma’naviy xazina edi. Muxlislari kamaygan musavvir zo‘r ishtiyoq bilan ishlay olmasligi tayin. Ming taassuflarki, bunday holatlar boshqa ko‘rgazmalar paytida ham tez-tez kuzatiladi.
To‘g‘ri, yurtimizda bir qancha san’at galereyalari, muzeylar mavjud. O‘zbekiston Badiiy akademiyasi ijodkorlarni imkon qadar qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Lekin ijod ahli borki, quruq shon-shuhrat orttirishni emas, xalq mehrini qozonishni istaydi.
Xo‘sh, faoliyat yuritayotgan muzey va galereyalardagi haqiqiy ahvol qanday?
Albatta, bizning qarashlarimiz biryoqlama bo‘lishi, masalaning asl mohiyatini ochib berolmasligi mumkin. Prezidentimiz yurtimizning ijodkor va ziyolilari bilan bo‘lgan uchrashuvda esa bu boradagi muammolarga aniqlik kiritdi.
Bugun biz yashayotgan internet va yuksak texnologiyalar asrida adabiyot va san’at, madaniyatimizning o‘rnini va ta’sirini nafaqat saqlab qolish, balki qanday qilib uni kuchaytirish mumkin, degan odilona savollar barchamizni, birinchi navbatda, xalqimizning eng ilg‘or vakillari bo‘lgan ijod ahlini o‘ylantirishi kerak emasmi? Shunday ekan, tashkillashtirilayotgan ko‘rgazmalar ommaviy axborot vositalari e’tiboridan bir oz chetda qolayotgani yoxud ularda keng yoritilmayotgani san’atimizni sanoatga aylantirayotgan tashkilotlarning xatolari oqibati emasmikin?
…Taksida ketayotgan edim. Kutilmaganda haydovchi bilan yonidagi yo‘lovchining o‘zaro suhbati diqqatimni tortdi. Haydovchi Timatining konserti banneriga ishora qilib so‘radi:
— Biletining bahosi qancha ekan?
— Ikki yuz ming so‘m, — dedi yo‘lovchi hozirjavoblik ila. — Men ikkita oldim.
— Eh, agar yuz ming so‘m bo‘lganida men ham konsertga kirardim.
Haydovchi shunday deya chuqur xo‘rsindi-da, tezlikni oshirdi. Men esa mashina oynasidan tashqariga boqib, buyuk musavvir — ona tabiat kun adog‘ida osmon ufqiga chizayotgan g‘aroyib manzaralarni tomosha qila boshladim…
Madina NORCHAYEVA