Sirdaryoda is gazidan zaharlanish oqibatida 33 yoshli erkak voqea joyida, 26 yoshli turmush o‘rtog‘i shifoxonada vafot etdi. Ularning 2 yoshli qizi «reanimasiya»ga yotqizildi (tafsilotlar).
Bu haqda viloyat prokuraturasi tomonidan «Sirdaryo Xabarlari»ga xabar berildi.
Oqoltin tumani ichki ishlar bo‘limi navbatchilik qismining 8 yanvar 2021 yil soat 13:45da bergan xabariga ko‘ra, Oqoltin tumani, “Ko‘rkam diyor” MFY, Marjonbuloq ko‘chasida yashovchi 1987 yilda tug‘ilgan fuqaro T.S., turmush o‘rtog‘i 1994 yilda tug‘ilgan I.S. va voyaga yetmagan farzandi 2019 yilda tug‘ilgan E.R.lar yashash xonadonida zaharlanishib, T.S. voqea joyida vafot etgan.
Shuningdek, turmush o‘rtog‘i I.S. va voyaga yetmagan farzandi E.R.lar Oqoltin tumani tibbiyot birlashmasining jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan. Ko‘rsatilgan tibbiy yordamlarga qaramasdan I.S. shifoxonada vafot etgan.
Mazkur holat yuzasidan Oqoltin tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda.