Surxondaryo viloyatining Termiz tumanida 10-sinf o‘quvchisi boshqaruvidagi Cobalt avtomobili ishtirokida YTH sodir bo‘ldi. Bu haqda viloyat YHXB xabar berdi.
Hodisa 9 oktyabr kuni soat taxminan 13:00 da Termiz tumanining Navro‘z mahallasi hududidan o‘tuvchi Termiz shahri — Namuna — Termiz xalqaro aeroporti avtomobil yo‘lining 11-kilometrida yuz bergan.
Dastlabki surishtiruvlarga ko‘ra, 2010 yilda tug‘ilgan, Termiz shahridagi 25-maktabning 10-sinf o‘quvchisi haydovchilik huquqiga ega bo‘lmagan holda onasiga tegishli Cobalt avtomobilini yuqori tezlikda boshqargan.
O‘quvchi boshqaruvni yo‘qotib, yo‘lning o‘rtasiga o‘rnatilgan yoritish ustuniga borib urilgan.
Oqibatda avtomobil salonida bo‘lgan, 2010 yilda tug‘ilgan sinfdoshi voqea joyida halok bo‘lgan. Haydovchi esa og‘ir tan jarohatlari bilan shifoxonaning jonlantirish bo‘limiga yetkazilgan.
Holat yuzasidan Termiz tumani ichki ishlar bo‘limi tergov guruhi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.