Bugun 25 aprel, 2024 yil, payshanba

КИР

Termiz shahrining sobiq hokimi va uning o‘rinbosarlari hibsga olindi

Termiz shahrining sobiq hokimi va uning o‘rinbosarlari hibsga olindi

Termiz shahrining sobiq hokimi Isroil Xudoyberdiyev, hokimning sobiq birinchi o‘rinbosari G‘ayrat Elamanov, hokimning qurilish bo‘yicha sobiq o‘rinbosari Shuhrat Rahmonqulov, shahar arxitektori, «Yashil dunyo» savdo majmuasi loyihachisi, rahbari va quruvchisi hibsga olindi.

Bu xabarni hokimning advokati, shahar hokimligi rasmiylari, qolaversa viloyat prokuraturasi matbuot kotibi Alisher Bobomuradov tasdiqladi, deb xabar bermoqda «Gazeta.uz». Biroq ular tergov siri bo‘lganligi sababli hozircha gumondorlar qaysi moddalar asosida hibsga olinganini ochiqlashmadi.

Mansabdorlar hibsga olinganiga aniqlik kiritish maqsadida «Gazeta.uz» muxbiri Termiz shahrida joylashgan 9-sonli tergov hibsxonasida bo‘ldi. Yuqoridagi xabarni koloniya xodimlari ham tasdiqladi. Xodimlar sobiq hokim hech kim bilan uchrashishni istamayotgani, yoniga faqat advokati kirganini ma’lum qildi.

Jinoyat ishi

Hokimlikka yaqin manbalarning «Gazeta.uz» muxbiriga ma’lum qilishicha, Isroil Xudoyberdiyevga Jinoyat kodeksining 207-moddasi (Mansabga sovuqqonlik bilan qarash) hamda 209-moddasi (Mansab soxtakorligi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Qolaversa, shahar hokimining birinchi o‘rinbosari G‘ayrat Elamanovga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasining «a» bandi bilan (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bo‘yicha ayblov e’lon qilingan. Sobiq hokim qamoqqa olinganidan bir necha kun o‘tgach, u ham ehtiyot chorasi sifatida hibsga olingan.

Bundan tashqari, 2017−2018 yillarda hokimning qurilish bo‘yicha o‘rinbosari sifatida ishlagan Shuhrat Rahmonqulov ham qamoqqa olingan va jinoyat ishiga jalb qilingan.

«Gazeta.uz» muxbirining aniqlashicha, ular «Yashil dunyo» savdo majmuasi qurilishi davrida 14,8 mlrd so‘mni o‘zlashtirganlikda gumonlanmoqda. Buni sobiq hokim Isroil Xudoyberdiyevning advokati ham tasdiqladi va pullar shahardagi ko‘plab kamchiliklarni bartaraf etishga sarflanganini ta’kidladi.

Tergov harakatlari Bosh prokuraturaning Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish boshqarmasi tomonidan olib borilmoqda.

Hokimlikka yaqin manbalarning bildirilishicha, «Yashil dunyo» savdo majmuasida tadbirkorlar tomonidan do‘konlar qurilishi uchun to‘langan 14 mlrd 800 mln so‘m mablag‘ sobiq hokim va o‘rinbosarlari tomonidan noqonuniy sarflangan bo‘lishi mumkin. Termiz shahar hokimligining boshqa mansabdor shaxslari hamda «Yashil dunyo» majmuasida savdo do‘konlari mavjud tadbirkorlar ham jinoyat ish bo‘yicha olib borilayotgan tergov doirasida so‘roqqa chaqirilmoqda va tergov harakatlari davom etmoqda.

Kiritildi: 09:43 21.10.2022. O'qildi: 3134 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!