Bugun 8 iyun, 2025 yil, yakshanba

КИР

“Temir xotin”ning “taqiqlangan” muallifi

A A A
“Temir xotin”ning “taqiqlangan” muallifi

Taniqli dramaturg Sharof Boshbekov 4 yanvarda 70 yoshga to‘ldi!

Sharof Boshbekov kimligini, qanaqa asarlar yaratganini xalqimiz juda yaxshi biladi. Adibni tanitgan eng mashhur asari, albatta, «Temir xotin». O‘tgan asrning 80-yillari oxirida dunyoga kelgan bu asar o‘zbek adabiyotida ham olamshumul voqea bo‘ldi. Farg‘ona viloyati teatrida qo‘yilgan spektakl xalqaro tanlovda 1-o‘rinni egallab, g‘olib bo‘ldi. 

Dunyoning 20 dan ortiq tillariga tarjima qilinib, Rossiya, Xitoy, Polsha, Belorussiya, Ozarbayjon, Chexoslovakiya kabi ko‘plab mamlakatlar teatrlarida sahnalashtirildi.

Adibning «Taqdir eshigi», «Eshik qoqqan kim bo‘ldi?», «Eski shahar gavroshlari», «Sharif va Ma’rif», «Yuzsiz», «Tilla bola», «Qasosli dunyo» kabi asarlari o‘tgan asr oxirida yaratilib, teatrlarda sahnalashtirildi, kinolarga aylandi. 
«Masharaboz» nomli filmga rejissyor ham bo‘ldi. «Doka ro‘molning qurishi» filmi ham dunyoga keldi. 

«Charxpalak» deb nomlangan ko‘p seriyali film kinoteatrlarda anshlag bilan qo‘yildi. 

Shuningdek, «Tentak farishtalar», «Zo‘rdan zo‘r chiqsa» pyesalari yaratildi. «Er baribir aylanaveradi» spektakli Abror Hidoyatov nomli teatrda qo‘yilmoqda.

Boshqa mualliflar bilan hamkorlikda yaratilgan asarlar, publisistik maqolalarning hisobi yo‘q.

Bugungi kunda adib barcha yozganlarini to‘plamoqda. Hozircha 7 ta tom tayyor. «Chop etilmagan asarlar» alohida to‘plandi. Nashr etadigan nashriyot bo‘lsa bas.

Sharof Boshbekov haqiqatni haqqoniy aytadigan, hayotning murakkab jihatlarini o‘ta zukkolik bilan ko‘ra oladigan, g‘ururi, oriyati baland, dovyurak adib. Uning yozganlari yuqori lavozimdagi ayrim insonlarga har doim ham yoqavermaydi shekilli, hayotida ko‘p bora turli «taqiq»larga uchradi. 90-yillarda barcha spektakllari teatrlardan olib tashlandi. 

Hattoki «Temir xotin» ham taqiq bo‘ldi. Yaqin yillarda televideniyening «qora ro‘yxat»iga ham kiritildi. Lekin qiyinchiliklar, nohaqliklar irodasini bukolmadi. Insult degan kasallikni boshidan kechirgan bo‘lsada, ijodda davom etdi.

Yaqinda ikki shoir: «Sharof Boshbekov xalq yozuvchisimi yoki yo‘qmi», degan masalada murojaat qildi. Ular bitta qo‘chqordan bahs o‘ynashibdi. Xalq yozuvchisi unvoni yo‘qligini aytganimizda negadir ikkalasining ham kayfiyati tushib ketdi. 

Bundan 20 yillar oldin, O‘zbekiston Qahramoni, buyuk yozuvchi Said Ahmad Sharof Boshbekovga qarab: «Siz haliyam «xalq» emasmisiz?» Ya’ni, xalq yozuvchisi unvoningiz yo‘qmi degan ekan.

Ijodkorning martabasini unvonlar belgilamaydi. Sharof Boshbekov allaqachon o‘zbek xalqining qalbidan mustahkam joy olgan. Uning asarlaridagi ko‘plab so‘zlar, iboralar xalq maqollariga, naqllarga aylanib ketgan. Elning e’zozi, hurmati har qanday unvondan yuksak. 

Biz bu buyuk o‘zbek dramaturgini tabarruk yosh bilan chin dildan tabriklaymiz. Yaratgandan mustahkam sog‘lik, metin iroda, kuch-g‘ayrat tilaymiz. Yangi, yanada yuksak asarlar yaratishiga ishonch bildiramiz.

Farhod NORMATOV, jurnalist

Kiritildi: 21:14 04.01.2021. O'qildi: 12879 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!