Bugun 30 aprel, 2026 yil, payshanba

КИР

Telegramda aylangan «Hovli» seriali mashmashasi qanday tugadi?!

A A A
Telegramda aylangan «Hovli» seriali mashmashasi qanday tugadi?!

Xabaringiz bo‘lsa kerak, so‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda farg‘onalik Elmurod Soliyev tomonidan Zo‘r TV kanaliga qilingan qo‘ng‘iroq ancha shov-shuv ko‘tarilishiga sabab bo‘ldi. Bu qo‘ng‘iroqqa reaksiya ko‘pchilik kutgandan ko‘ra tezroq amalga oshdi. Xalqimiz bu serialga negativ fikrda ekanligini darhol namoyon qildi. To‘g‘ri, farg‘onalik vatandoshimizning adres lariga har xil bo‘lmag‘ur so‘zlar yo‘llaganlar ham bo‘ldi, ammo xalqimiz bu vaziyatda ochiqchasiga Elyor Soliyev tomonida ekanligini ko‘rsatib qo‘ydi.

Vaziyatga real ko‘z bilan qaralsa, darhaqiqat Hovli serialining g‘oyasi, ma’naviy ozuqasi va yana ko‘plab jihatlari o‘zbek xalqi uchun begona desak, mubolag‘a bo‘lmas.

Serial o‘z ichiga olgan syujetlardagi qahramonlar bizning jamiyat uchun faqat va faqat salbiy ta’sir o‘tkazadi. Ayni damda bu kabi zamonaviy seriallar sharqona milliylikini tiklashga urinayotgan millatimiz uchun aks ta’sir ko‘rsatadi.

O‘z qiziga Ishani deya ism qo‘ygan vatandoshimiz o‘sha saviyasi past serialdan ta’sirlanmagan deya kim ayta oladi? Yoki o‘z o‘g‘liga Maradona deya ism qo‘ygan insonlar oramizda yo‘q deb o‘ylaysizmi? Telekanallarimizda uzoq muddat aylangan dori vositasining reklama roligi bir yosh bolaning umriga zomin bo‘lgani haqida eshitgan bo‘lsangiz kerak? Televideniye bamisoli insonlarning ongini boshqaruvchi pultga o‘xshaydi. Unda berilayotgan informasiya avtomatik ravishda millatimiz ruhiyatini ojizlashtirib qo‘ymoqda! Agar biz o‘z ideologiyamizda turk seriallaridagi behayo ayollaru, xiyonatkor erkaklar uchun zarracha joy qoldirsak, kelajak avlod bu xatomizni kechirmasligi aniq.

Ijtimoiy tarmoqlardagi bahsning yakuni

Ko‘p vaqt o‘tmay Farg‘onalik vatandoshimiz Telegram tarmog‘i orqali chiqish qilib, bahsga nuqta qo‘ydi. Afsuski, katta ehtimol bilan bunday qilishga majbur bo‘lgan bo‘lsalar, ajab emas! Bu norasmiy ma’lumot shu qadar haqiqatga yaqinki, undan boshqachasiga kishining ishongisi kelmaydi. Shunga qaramasdan bu murojaat izsiz ketmadi. Zo‘r TV kanali serialni kechki dasturga ko‘chirishga majbur bo‘ldi. Bu esa xalqimizning ma’naviy g‘oya uchun qilgan kurashidagi ilk g‘alabasi desak, adashmagan bo‘lamiz. Bu chellenjda ishtirok etgan, xalqimiz kelajagi uchun befarq bo‘lmagan vatandoshlarimiz bor ekan, asrlardan omon o‘tib kelayotgan, dunyoning hech qaysi millatida topilmaydigan, ba’zi bir mamlakatlarning lug‘atlarida uchramaydigan ibo-hayo singari tuyg‘ularimiz bizni g‘arbning har xil vasvasalaridan asrashda davom etadi...

Yahyo Yusuf

Kiritildi: 20:49 10.02.2019. O'qildi: 12712 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!