Telegram asoschisi Pavel Durov ilk bor Bloomberg Billionaires Index (BBI) milliarderlar reytingiga kiritildi, deya xabar beradi Bloomberg.
Durov 9,15 milliard dollar boyligi bilan 279-o‘rinni egalladi (rossiyaliklar orasida 17-o‘rin).
BBI ma’lumotlariga ko‘ra, Ilon Mask 241 milliard dollar bilan dunyoning eng boy odami bo‘lib qolmoqda, Jeff Bezos 207 milliard dollar va Bernard Arno 182 milliard dollar bilan undan keyingi o‘rinlarga joylashgan.
Meta korporasiyasi rahbari Mark Sukerberg 177 milliard dollar boyligi bilan to‘rtinchi o‘rinni egalladi, Bill Geyts esa 157 milliard dollar bilan dunyodagi eng boy beshinchi kishi bo‘lib qolmoqda.
Reytingda qayd etilgan qozog‘istonliklar orasida Vladimir Kim ham bor, u 7,47 milliard dollar bilan 374-o‘rinni egallab, o‘tgan yil davomida 311 million dollar ishlab topgan.
Milliarderlar reytingida Qozog‘istonning yana bir vakili Vyacheslav Kim 6,71 milliard dollar bilan 420-o‘rinni egallab turibdi.
Bloomberg milliarderlar reytingi - dunyodagi eng boy 500 kishining kundalik reytingi. Ma’lumotlar Nyu-Yorkdagi har bir savdo kunining oxirida yangilanadi.